18:35 / 11.11.2017
19326

Toshkentda 12 ming dollar talab qilgan «shantajchi» ushlandi

Mirobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan, tovlamachilik jinoyati yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda poytaxt IIBB xabar berdi.

Jumladan, 2017 yil 10 noyabr kuni Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasiga fuqaro G.A. ariza bilan murojaat qilib, o‘z arizasida bundan bir necha yil muqaddam “Bekzod” ismli shaxs uning oila a'zolariga haydovchilik xizmatini ko‘rsatib kelganligini, 2017 yilning avgust oyidan buyon mazkur shaxs unga tahdid qilib, u haydovchi sifatida ishlab kelgan vaqtida G.A.ning F.A. erkak kishilar bilan yaqin aloqalarda bo‘lib kelganligini, unda mazkur holatni tasdiqlovchi ma'lumotlar mavjudligini bildirib, buni sir saqlab qolish evaziga 12.000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni talab qilayotganligini, aks holda ushbu ma'lumotlarni F.A.ning turmush o‘rtog‘i va yaqin qarindoshlariga tarqatib yuborish bilan qo‘rqitib kelayotganligini, shu sababli “Bekzod” ismli shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. 

Ushbu ariza asosida shu kuni Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan tovlamachini qo‘lga olish borasida tezkor tadbir o‘tkazilib, uning natijasiga ko‘ra soat 14:30larda, Mirobod tumani hududida 1982 yilda tug‘ilgan B.R. fuqaro G.A.dan talab qilinayotgan pulning bir qismi sifatida 3.000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan. 

Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik, ya'ni jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma'lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib, o‘zgadan mulkiy manfaatlar berishni talab qilish) alomatlari bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilgan. 

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, B.R.ning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. 

Top