«Tribuna» Ispaniya primerasining 12-turidagi asosiy voqealarni eslab o‘tadi.
Nolli derbi va Grizmann manziliga hushtakbozlik

Ispaniya nashrlari turning markaziy uchrashuvi bo‘lishi kutilgan Madrid derbisi «Barselona» g‘alaba qilgani haqida bot-bot yozishmoqda. Buni inkor etish qiyin, Madriddagi golsiz durang tufayli (bu ikki jamoa o‘rtasidagi uchrashuvlarda 12 yildan buyon ilk marta qayd etilgan natija, «Atletiko» maydonida esa bunday hisob oxirgi bor 1993 yilda qayd etilgan) bu turda «Leganes» ustidan ishonchli g‘alabaga (3:0) erishgan «Barselona» turnir jadvalida Madrid jamoalarini 10 ochkoga ortda qoldirib ketishiga zamin yaratdi.
Poytaxt klublari kuchli tarkibga ega bo‘lsada, ularning bu mavsumdagi chempionlik uchun imkoniyatlari keskin pasayib ketdi. «Real» ilk bor Zidan boshchiligidagi o‘yinlarda safarda gol ura olmadi. 3 yildan buyon jamoani boshqarayotgan fransiyalik mutaxassis bu vaqt ichida La Liga doirasida 35 uchrashuvni safarda o‘tkazgan va hech qachon maydonni golsiz tark etmagandi.
«Real»ning «Vanda Metropolitano»da g‘alaba qozonishga bo‘lgan umidlari Serxio Ramosning burni kabi sindi, «Real» futbolchisi Teo Ernandesning ukasi Lukas Ernandes o‘z jamoasi jarima maydonida uning boshiga oyoqlari bilan tepib yubordi va sardorning yuzi qonga belandi. Natijada tanaffusda Zidan uni almashtirishga majbur bo‘ldi, endi u bugun YeChL doirasida «APOEL»ga qarshi o‘yinda maydonga maxsus niqob taqqan holda tushadi.

Bu vaziyat o‘yinning eng ko‘p muhokama qilingan epizodi bo‘ldi - «qaymoqranglilar» jamoasi futbolchilari Ernandesga jazo talab qilishdi, ammo hakam Fernandes Borbalan bu vaziyat qasddan sodir etilmagani, shu tufayli na penaltiga, na kartochkaga hojat borligini qat'iy ta'kidladi. «Real» tomoni esa o‘yin davomida hakam 3-4 marta «Atletiko» foydasiga qaror chiqarganini iddao etdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa avvalgi derbida Ramos Ernandesning boshiga tirsagi bilan qanday urganini eslashdi.
Bu o‘yinda ikki jamoaning yetakchilari ham nursiz o‘yin ko‘rsatishdi. Antuann Grizmann sochini oldirgan bo‘lsada, uning o‘yini yana o‘xshamadi. Bu safargi golsiz o‘yin u uchun qatorasiga sakkizinchi o‘yin bo‘ldi va u maydonni muxlislarning norozilik hushtaklari ostida tark etdi.




















