Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vulqon tufayli Bali aeroporti yana bir kun yopiq bo‘ladi
Indoneziya hukumati Bali orolidagi Agung vulqoni otilishidan keyin havoga ko‘tarilgan vulqon kuli sababli Ngurax-Ray xalqaro aeroportining yana bir kunga yopilishiga ko‘rsatma berdi.
26 noyabrda vulqonning hafta ichidagi ikkinchi otilishi yuz berdi, undan chiqqan kul ustuni bir necha kilometrga cho‘zilgan. Shu sababli mamlakat hukumati havo transporti uchun xavflilikning qizil darajasini kiritgan hamda Bali va Lombokdagi aeroportlarni yopishga majbur bo‘lgan. 27 noyabrda Lombokdagi aeroport yana ishlay boshlagan, biroq Balidagi aeroportni 29 noyabrgacha yopib turishga qaror qilingan.
Aeroport 29 noyabr mahalliy vaqt bilan soat 7 gacha yopiq bo‘ladi. Ta'kidlanishicha, aeroportdagi barcha reyslar bekor qilinadi.
Agung 21 noyabrda otilishni boshlagandi. Vulqondan chiqqan tutun kraterdan 700 metr balandroqqa ko‘tarilgan. Yakshanba kuni ikkinchi otilish boshlangan, vulqon lava otmagan, biroq tutun ustuni 4 ming metrgacha yetgan.
Indoneziya hukumati vulqon atrofidagi 40 mingga yaqin odamni evakuatsiya qilgan va 100 ming kishiga o‘z uylarini tark etishga ko‘rsatma bergan.