Vazirlar Mahkamasining 22.11.2017 yildagi 937-son “Oliy malakali ilmiy va     ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

U bilan ikkita nizom tasdiqlandi:

•  Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasida ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom;
•  Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarda dissertatsiyalarni himoya qilish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Dissertatsiyalarni ekspertizadan o‘tkazish xarajatlarini kim to‘laydi

OAK ekspert kengashlari a'zolarining ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan o‘tkazish uchun mehnatiga haq to‘lash soatbay shartlarda OAK tomonidan amalga oshiriladi. Bunda:

•  ekspert kengashi raisi va ilmiy kotibiga - ekspert kengashining har bir o‘tkazilgan majlisi uchun, amalda uni o‘tkazish uchun sarflangan vaqtdan kelib chiqqan holda, biroq har bir majlis uchun 5 soatdan ko‘p emas;
•  ekspertlarga - fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish yuzasidan dissertatsiyani ekspertizadan o‘tkazish uchun 8 soat hamda falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish yuzasidan dissertatsiyani ekspertizadan o‘tkazish uchun 5 soat hisobidan.
 
Ilmiy daraja olish yuzasidan bir dissertatsiya ekspertizasi ekspert kengashi raisi tayinlaydigan bir ekspert tomonidan o‘tkaziladi. Ekspertizadan o‘tkazish natijalari bo‘yicha bahsli vaziyatlar vujudga kelganda, ekspert kengashi raisi OAK raisi bilan kelishilgan holda uning mehnatiga o‘xshash shartlarda haq to‘lash bilan mazkur dissertatsiyani boshqa ekspert tomonidan takroran ekspertizadan o‘tkazishni tayinlashi mumkin.
 
Ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan o‘tkazish uchun mehnatga soatbay haq to‘lash miqdori rahbar kadrlar va mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha ta'lim muassasalari (kurslari) tinglovchilariga o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazadigan shaxslar uchun to‘lanadigan soatbay ish haqi miqdori kabidir.