Jahon | 07:07 / 30.11.2017
5465
2 daqiqa o‘qiladi

Argentinada sobiq harbiylarga nisbatan 29 ta umrbod qamoq jazosi tayinlandi

Foto: AFP 2017 / Franck Fife

Argentina federal sudi 29 noyabrda ko‘p sonli sobiq harbiylarga jazo tayinladi. Ulardan bir qismi harbiy diktatura vaqtida insoniyatga qarshi sodir etilgan jinoyatlar uchun umrbod, qolganlari esa uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum qilindilar.

Jumladan, 29 ta umrbod qamoq jazosi tayinlandi. Bu jazoni olganlar orasida mamlakatning harbiy-dengiz kuchlari mexanika maktabi negizida tashkil etilgan turmadagi mahbuslarga qarshi ommaviy qatag‘onlarda ayblanganlar bor.

Harbiylar ustidan sud jarayoni 5 yildan beri davom etmoqda, bu vaqt ichida sudga 900 guvoh chaqirtirilgan. Ulardan 400 nafari turmada omon qolgan sobiq mahbuslardir. Sud jarayoni vaqtida 68 nafar ayblanuvchidan 11 nafari vafot etgan, yana 3 nafari sog‘lig‘iga ko‘ra chetlatilgan.

Sobiq harbiylarga qo‘yilayotgan ayblovlar ichida “o‘lim parvozlari”ni tashkil etish bor. Bunda harbiy diktaturaga qarshi chiqqanlar samolyotlardan okeanga uloqtirilganlar. Sud jarayoni yakunlariga ko‘ra, 1977 yil dekabrda shunday parvozni amalga oshirgan uchuvchi umrbod qamoq jazosiga tortildi. O‘shanda samolyotdan 10 kishi, jumladan 2 nafar fransuz rohibasi okeanga tashlangan.

1976 yil martida harbiy to‘ntaruv natijasida Argentinada hokimiyatni general Xorxe Videla boshchiligidagi harbiylar bosib olganlar. Ular mamlakatni 1983 yilgacha boshqarganlar. Bu vaqt ichida mamlakatda minglab odamlar o‘ldirilgan, 30 mingga yaqini bedarak yo‘qolgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid