13:50 / 06.12.2017
7987

Samarqandda Sharof Rashidov tavalludiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi

Samarqand qishloq xo‘jalik institutida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan «Sharof Rashidov — davlat va jamoat arbobi» mavzuida ilmiy-ma'rifiy anjuman o‘tkazildi.

Anjuman prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 27 martdagi «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida viloyat hokimligi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Samarqand qishloq xo‘jalik instituti rektori, professor T.Ostonaqulov, akademik D.Abdukarimov va boshqalar Sharof Rashidovning respublikamizni juda murakkab va og‘ir yillarda boshqarishdagi beqiyos salohiyati, yurt taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida fidokorona mehnati, milliy adabiyotimiz rivojidagi yorqin ijodiy faoliyati haqida so‘z yuritdi.

Sharof Rashidov qishloq xo‘jaligining yuksak marralarga ko‘tarilishi, cho‘l hududlarining o‘zlashtirilishi, magistral yo‘llar, Toshkent metrosining qurilishi, zilziladan katta talafot ko‘rgan poytaxtning qayta tiklanishida o‘zining munosib hissasini qo‘shgan davlat arbobi sifatida avlodlar xotirasida mangu yashaydi. Uning yozuvchi sifatida qoldirgan adabiy merosi yosh avlodni vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.

— Bugungi tadbirda yurtimizning sodiq farzandi, atoqli davlat arbobi Sharof Rashidov hayoti va faoliyati haqida ko‘plab qiziqarli ma'lumotlarga ega bo‘ldik, — deydi Samarqand qishloq xo‘jalik instituti Qishloq xo‘jaligida menejment talabasi, Navoiy davlat stipendiyasi sohibi D.Bahriddinova. — Xalqimiz oqibatli, xotirasini yo‘qotmagan xalq. El-yurt farovonligi yo‘lida xizmat qilgan farzandlarini hech qachon unutmaydi. Davlat arbobi va yozuvchining hayoti va faoliyati biz, yoshlar uchun har tomonlama o‘rnakdir. 

Tadbirda Sharof Rashidov xotirasiga bag‘ishlangan film namoyish etildi. To‘lqin Alimordonovning Sharof Rashidovning 100 yilligiga bag‘ishlangan, adibning hayoti aks ettirgan  «O‘chmas Sharaf»  kitobi taqdimoti o‘tkazildi. «Sharof Rashidov — davlat va jamoat arbobi» mavzuida esselar va «Sharof Rashidovning ijtimoiy va ijodiy faoliyati» mavzuida slayd-taqdimotlar tanlovlarida g‘olib bo‘lgan talabalar diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.

O‘z muxbirimiz.

Mavzuga oid
Top