O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani 4 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi, deb yozadi O‘zA tashrifga bag‘ishlangan materialida.

Afg‘oniston Prezidenti 5 dekabr kuni Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oliy martabali mehmon Hazrati Imom majmuasiga tashrif buyurdi. Mo‘yi Muborak madrasasida saqlanayotgan Usmon mushafi va boshqa tarixiy-ma'rifiy yodgorliklarni katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tashrifning asosiy tadbirlari Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tdi.

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Ashraf G‘anining tor doiradagi uchrashuvi bo‘ldi.

Sizni O‘zbekistonda qutlashdan mamnunman, dedi Prezidentimiz. Biz keyingi bir yilda besh marotaba uchrashib, bugungi tarixiy tashrifga zamin yaratdik. O‘zbekiston Afg‘onistonni yaqin qo‘shni va do‘st mamlakat deb biladi. Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishi, savdo, iqtisodiyot, transport, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorligimiz rivojlanishi uchun barcha sa'y-harakatlarni safarbar etmoqda.

Afg‘oniston Prezidenti O‘zbekistonga tashrifidan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikka keng yo‘l ochilganidan mamnun ekanini bildirdi.

Bundan bir yil avval O‘zbekiston xalqi Sizga ishonch bildirib, Prezident etib saylagan edi, dedi Afg‘oniston rahbari. O‘tgan bir yildagi o‘zgarishlar bu ishonch to‘g‘ri bo‘lganini namoyon etdi. O‘zbekiston 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasiga muvofiq qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda, barcha masalalarni hal etmoqda. O‘zbekistonning tashabbuslari va amaliy sa'y-harakatlari mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston bilan hamkorligimizning yangi davri boshlanganidan mamnunmiz. Umid qilamizki, bu munosabatlarimiz oyma-oy, kunma-kun yanada mustahkamlanib boraveradi.