«Tribuna» Yevropa yashil maydonlarida dam olish kunlari o‘tkaziladigan asosiy o‘yinlar anonsini taqdim etadi.

VeST HEM – CheLSI (9 dekabr, 17:30)

Bu hafta Angliya Premer ligasida uchta derbi bo‘lib o‘tadi. Ilk o‘yin London derbisi. «Vest Hem» so‘nggi o‘rinlardan birini egallab turgan bo‘lsa-da, masalan, o‘tgan turda «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda juda yaxshi salohiyatga ega ekanini namoyish qildi. Moyyes shogirdlarining endi o‘z maydonlarida yetakchilardan biri bilan munosib kurasha olishlariga ishonsa bo‘ladi. Jamoa APLda 8 o‘yindan buyon g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan bo‘lsa-da, «Vest Hem» alohida bir uchrashuvda har qanday raqibga muammo tug‘dirishi mumkin, misol uchun, Angliya Liga kubogida «Tottenhem» ustidan qozonilgan g‘alabani eslaylik. O‘tgan yili ham xuddi shu musobaqada ular «Chelsi»ni mag‘lub etishgandi.

Buning ustiga, «Chelsi»ning hafta o‘rtasida Chempionlar Ligasida kuchli raqib bilan maydonga tushganini ham unutmaslik kerak. To‘g‘ri, londonliklar o‘tgan turda keyingi bosqich masalasini hal qilgandilar, ammo bu o‘yin guruhdagi 1-o‘rinni aniqlashda juda muhim edi. 

Umuman bu jamoalar o‘rtasidagi bahslarda «Chelsi»ning natijalari ancha yuqori bo‘lsa-da, so‘nggi 6 o‘yinda faqat minimal hisob yoki durang qayd etilgan. Shu faktning o‘zi ham ertaga juda keskin uchrashuv ko‘rishimiz mumkinligiga asos bo‘la oladi.

BYoRNLI – UOTFORD (9 dekabr, 20:00)

Bu mavsumda hammani eng ko‘p hayron qoldirayotgan ikki jamoa o‘zaro to‘qnash keladi. Chempionat boshlanmasidan Angliyada ilk 6 o‘rinni kimlar egallashi aniqdek ko‘ringan, keyingi o‘rinlarni esa, ko‘proq yozda yaxshigina transfer kompaniyasi olib borgan «Everton», «Vest Hem» kabi jamoalar egallashini kutishgandi.

Ammo Shon Daych va Markus Silva (qizig‘i, har ikki murabbiyga «Everton» qiziqishi bildirmoqda) jamoalari o‘rtamiyonalar ichida juda kuchli o‘yin namoyish etishmoqda va Top-6 ga juda yaqin turishibdi. Atigi ikki yil oldin bu ikki jamoa Chempionshipda orani ochiq qilib yurganliklariga ishonish qiyin.

ReAL – SeVILYa (9 dekabr, 20:15)

Madrid klubi «Sevilya»ni o‘z maydonida qabul qilgan so‘nggi 11 uchrashuvda faqat g‘alaba qozongan. Ammo hech qachon o‘yin oldidan bu qadar muammoli holatda qolmagan bo‘lsa kerak.

Bilbaodagi o‘yin «Real»dan muhim 2 ochkoni tortib olish bilan birgalikda, birato‘la uch muhim futbolchini safdan chiqardi. Serxio Ramos qizil kartochka olgan bo‘lsa, Karvaxal va Kazemironing sariq kartochkalari ko‘payib qolgani tufayli navbatdagi uchrashuvda maydonga tusha olmaydi. Buning ustiga Garet Beyl, Rafael Varan kabi futbolchilarda jarohat borligini inobatga olsak, «Sevilya» omadli yakundan umid qilsa bo‘lar, balki.