Dam olish kunlari Yevropada milliy chempionatlar to‘liq yakuniga yetib, kubok bahslarida finallar o‘tkaziladi. Angliya va Germaniyada kubok egalari ma’lum bo‘lsa, Italiya va Ispaniyada ligada qolish uchun kurash kechadi, Fransiyada esa Messi «PSJ» bilan xayrlashadi. Yakshanba oqshomida «Roma» Eldor Shomurodovning amaldagi jamoasini quyi ligaga ravona qilishi yoki «Spetsiya» Rim klubini Yevropa ligasi yo‘llanmasidan mahrum etishi mumkin.
Angliya kubogi. Final
3 iyun (shanba)
MANCheSTeR SITI – MANCheSTeR YuNAYTeD
O‘yin boshlanish vaqti: 19:00
Angliyada yakuniga yetayotgan mavsum Manchester klublariga ataldi, deyish mumkin. «Siti» Premer-liga g‘olibligini qo‘lga kiritdi, «Yunayted» Angliya liga kubogi egasiga aylandi. Futboldagi eng tarixiy va jamoalar soni bo‘yicha yirik turnir sanalmish Angliya kubogi sovrini ham yuqoridagi ikki klubdan biriga nasib etadi. Gvardiola shogirdlari mavsumdagi so‘nggi ikki o‘yin evaziga trebl qilish imkoniyatiga ega, «Yunayted» esa mavsumdagi ikkinchi sovrinini qo‘lga kiritibgina Angliyada faqat o‘ziga tegishli bo‘lgan treblni hamshahri tomonidan ham qayd etilishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Angliya kubogi finalida ilk marta o‘zaro to‘qnash kelayotgan «Siti» va «Yunayted» o‘rtasidagi bahs oldidan ko‘pchilik «shaharliklar»ning ustunligini qayd etayotgan bo‘lsa-da, Erik ten Hag jamoasi o‘zi uchun mavsumdagi so‘nggi o‘yinga maydonga jangga chiqqandek harakat qilishi aniq. Gvardiola shogirdlari esa bir haftadan keyin Chempionlar ligasi finali kutib turganini anglagan holda ehtiyotkor to‘p surishga majbur. Jamoalarning o‘zaro so‘nggi o‘yinida «MYu» Fernandesh va Reshfordning goli evaziga «Siti»dan ustun (2:1) kelgani ham «qizil iblislar»ga ruhiy ustunlik berishi mumkin.

Finalda «Siti» tarkibida Kevin De Bryuyne va Jyek Grilishning maydonga tushishi so‘roq ostida. Gvardiola «Siti» uchun bosh maqsad bo‘lgan YeChL finali oldidan bu o‘yinchilarning sog‘lig‘i bilan tavakkal qilmasligi mumkin. Pep finalda Ederson o‘rniga turnir davomida ajoyib harakat qilib kelgan Shtefan Ortega darvozani qo‘riqlashini ma’lum qilgan. Ten Hag esa Marsyal, Lisandro Martines, van de Bek xizmatidan foydalana olmaydi. Antonining safga qaytishi esa so‘roq ostida.
Germaniya kubogi. Final
3 iyun (shanba)

















