KUN.UZ tahririyatiga Surxondaryoning Boysuni tumanidagi «Inkabod» mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli shu nomdagi qishloqdan murojaat kelib tushdi.
Qishloqning nuroniy otaxonlari tomonidan imzolangan murojaatga ko‘ra, qishloqda ichimlik suvi ta'minoti yaqin 10 yil ichida katta muammoga aylangan, ichimlik suvi, hatto chorva uchun ham Boysundan suv tashuvchi mashinalarda keltirib sotiladi. Shuningdek, mahalla ahli chorva qoramollari suv ichadigan chashmaning boshida Boysun shahrining chiqindixonasi qurilganidan shikoyat qilishgan.


Murojaatni o‘rganish uchun Surxondaryo viloyatining Boysun tumani Inkabod qishlog‘ida bo‘ldik. Shunisi hayratlanarliki, ichimlik suvidan shikoyat qilgan Inkabod qishlog‘i o‘rtasidan o‘tgan katta yo‘lning ikki chetida Omonxona suvlari sotilib turibdi. Ha, ha, o‘sha mashhur, qadoqlangan «Omonxona» shifobaxsh suvlari.

«Mahalla fuqarolar yig‘inimizda 870 xo‘jalikda 3700 kishi besh qishloq — Omonxona, Inkabod, Padang, Chorbog‘ va Qiyakamar qishloqlarida istiqomat qiladi, — deydi «Inkabod» MFY raisi, kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, xalqaro turnir sovrindori Farhod Jo‘lliyev. — Ko‘rib turibsiz, qishloqlarimiz orasi uzoq. U boshidan bu boshiga borish uchun 25 km.ga yaqin yo‘l bosish kerak. Darhaqiqat, faqat Padang va Omonxona qishloqlarida ichimlik suvi bilan ahvol birmuncha yaxshi. Qolgan qishloqlarimizga Boysundan keltirib sotiladi», dedi u.

Inkaboddan Omonxonagacha 12 km. U yerdagi chiqayotgan ichimlik suvi ziyoratga kelganlar va sanatoriya ehtiyojlaridan ortmaydi. Shuningdek, u qadoqlanib sotiladi.

Ilgari Inkabod qishlog‘iga Padangdagi To‘ranazar ota ziyoratgohi yaqinidagi ikkita chashmadan quvur orqali suv keltirilgan. Qishloqda hamon suv to‘planuvchi minora bo‘y ko‘rsatib turibdi. «Biz chashmadan qishloq markazigacha olib kelingan suvni flyagalarda uyimizgacha tashir edik», deyishdi ular.






















