Angliya premer-ligasining teng yarmi ortda qoldi. Aslida buni birinchi davra yakuni deyishimiz to‘g‘riroq bo‘lardi, ammo 19 tur ortda qolgan bo‘lsada, jamoalarning barchasi o‘zaro bir-biri bilan o‘ynashga ulgurmasdan. Ikkinchi davrada bo‘lishi (3-turdagi o‘yinlarning javob uchrashuvlari o‘tkazildi) lozim bo‘lgan turni 19-turga qo‘yib yuborishdi. 

Albatta bu yangilik emas. Angliyada «Boksing dey» boshlanadigan hafta oldidan muntazam ravishda zich taqvimda jamoalarning nisbatan yaqinroq hududlarda o‘yin o‘tkazishini ta'minlash maqsadida APL birinchi davraning so‘nggi turini 20-turga surib qo‘ya qoladi. Taqvimdagi turlarning qayta (shartli ravishda javob uchrashuvi deb oldik, yuqorida) o‘yinlari tartibining aralashib ketishi ham shundan aslida.

Xullas tushuntirishimiz cho‘zilib ketgani uchun uzr so‘ragan holda APLning rojdestvo oldi eng so‘nggi turi haqida batafsil to‘xtalamiz.

GVARDIOLA PReMeR-LIGANI O‘ZGARTIRMOQDA
Ko‘pincha, Ispaniya yoki Germaniyadagi gegemonliklar haqida gap ketganida, Premer-Ligasining o‘ziga xosligi, kurashlarga boy, qiyin liga ekani haqida ko‘p aytilardi. «Barselona» yoki «Bavariya» Angliyada ham mana shunday gegemonlik qila olisharmidi, qabilidagi savollar ko‘pincha ochiq qolardi. Ammo, Pep Gvardiola, bu savolga javob topgandek bo‘ldi, ya'ni top jamoalari bilan maqtanadigan Angliyada ham hatto, mana shunday rekordlarni zabt esa bo‘larkan. «Bornmut»ni 4:0 hisobiga yengib, qatorasiga 17, mavsumdagi 18, yirik hisobdagi 8-g‘alabasini nishonlagan «shaharlik»lar yana bir qancha tarixiy ko‘rsatkichlarni chilparchin qilishmoqda.

- Bu mavsumgacha, hech qaysi jamoa qatorasiga 17 g‘alabaga erishmagandi. Eng yaxshi ko‘rsatkich, «Arsenal»da bo‘lgan – Venger jamoasi 2002 yilning fevral-avgust oylarida qatorasiga 14 g‘alabaga erishishgandi. 

- «Manchester Siti» APL tashkil bo‘lganidan buyon bir kalendar yilida 100 dan ortiq gol urgan ilk jamoadir. 101 gol urgan «Siti» oldida yana ikki uchrashuv turibdi. Ingliz jamoalari ichida, so‘nggi bor yuzdan ortiq golni 1982 yilda «Liverpul» urgandi.

- 2017 yilda «Manchester Siti» biror marta ham o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchramadi – 21 g‘alaba va besh durang.

- Gvardiola ushbu mavsumda Top-6 dagi barcha jamoalar ustidan g‘alaba qozondi. Umumiy hisob – 15:3. «Liverpul» va «Tottenhem» jamoalari yirik hisobda mag‘lub etildi.

- Hech qachon «Boksing Dey» oldidan birinchi va ikkinchi o‘rinlar orasidagi farq 13 ochkoga yetmagandi. «Manchester Yunayted» (13) va «Chelsi» (16) dan tashqari, «Siti» barcha jamoalarni 20 va undan ortiq ochkoga ortda qoldirmoqda.