«Obuna mavsumi. Majburlashlar avj olayotgan bu sohani ham tartibga solish fursati yetib kelmadimi?» maqolasi yuzasidan o‘z fikrlarimni bildirishga jazm qildim.

Har bir ota-ona o‘z farzandi komil inson bo‘lishi uchun harakat qiladi. Ta'lim olishi uchun unga kerak bo‘lgan barcha sharoitlarni imkoniyati yetguncha yaratib beradi. Shu bilan birga, uy vazifalarini tayyorlashda ko‘mak berish bilan qaytadan «o‘quvchi»ga ham aylanadi.

Men farzandlarimning kundalik uy vazifalarini bajarishlari nazorati uchun iloji boricha dam olish vaqtimni ularga sarflayman. Uy vazifalar yakunlangach, bolalarimda kitobga muhabbat qo‘yishlari uchun ular yoshiga mos, bolaligimda o‘qigan, o‘z shaxsiy kutubxonamdagi bor kitoblarimdan qiziq joylarini o‘qib beraman. Ular voqealarning davomini bilish uchun, bu asarlarni o‘zlari boshdan o‘qib chiqishadi.

Shuning uchun bo‘lsa kerak o‘quvchi farzandlarim maktab kutubxonasidan kitob olib kelib o‘qishga juda qiziqadi. Lekin...

Maktab kutubxonasi kitoblari qaysi badiiy kengashlardan tasdiqlanib, maktab ostonasini xatlab kirib kelyapti? Imlo xatolariga ko‘z yumsangiz, kitob mazmunida turgan ma'naviy ozuqani topolmay na o‘qishni, na o‘qimaslikni bilasiz. Oxirgi chorangiz «Kel bolam, men bilan televizorni tomosha qil, shu bizga qiziqarliroq ma'lumot beradi», deb yuborasiz.

Har yilgidek bu yil ham farzandlarim o‘z sinfdoshlari orasida kamsitilishi oldini olish maqsadida, 2018 yil «majburiy obuna»si uchun 15 ming so‘mdan, 2 bola uchun 30 ming so‘m berib, «qog‘ozning uvoliga qolgur» soha vakillarini qo‘llab-quvvatlashga o‘z hissamni qo‘shdim. Pul achchig‘i — jon achchig‘i ekanmi, Prezidentimiz gaplaridan kuch olib, obuna jarayoni yuzasidan tanqidiy tahlil qilishga harakat qildim.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi saytiga kirib, hozirgi kunda maktablarda o‘quvchilar soni qancha ekanligini bilsam, saytdagi ma'lumotga ko‘ra hozirda Respublika bo‘yicha 9.680ta maktablarda 4.808.058 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan ekan.

Bu o‘quvchilarning 15 foizini shartli ravishda turli to‘lov va yig‘imlardan ozod qilingan toifa deb hisoblasak, 4.086.849 nafar qoladi. Qishloq joyidagi quyi sinf o‘quvchisidan yig‘ilgan 15 ming so‘mni o‘rtacha obuna uchun yig‘im deb hisoblab, 15 mingni 4.086.849 nafar bolaga ko‘paytirsak, 61 milliard 302 million 735 ming so‘m qiymati hosil bo‘ladi. 61 milliard so‘m ekan-da, deyishga shoshilmang. Bu — xomcho‘t. Yana bu mablag‘ni semirishini istasangiz uzoqdan izlamaymiz. O‘qituvchilar, shifokorlar, pensionerlar, talabalar, ishchilar va xizmatchilar... xullas barcha davlat byudjyetidan daromad oluvchi fuqarolar.