Jahon | 08:09 / 13.01.2018
5480
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Delta IV raketasi razvedkachi sun'iy yo‘ldosh bilan birga uchirildi

Foto: NASA

Delta IV raketa-tashuvchisi AQSh razvedkasi uchun mo‘ljallangan sun'iy yo‘ldosh bilan birga Kaliforniyadan uchirildi. Raketa parvozi United Launch Alliance (ULA) kompaniyasi tomondan boshqarilgan.

Raketaga Toshkent vaqti bilan 13 yanvar soat 03.11da Vandenberg kosmodromidan start berilgan. Avvalroq raketa starti ob-havo va texnik nosozliklar sababli ikki marta qoldirilgan.

Parvoz NROL-47 missiyasi doirasida AQSh milliy razvedka boshqarmasi buyurtmasiga ko‘ra amalga oshirildi. Sun'iy yo‘ldoshning uchirilishidan maqsad va uning texnik ko‘rsatkichlari maxfiylashtirilgan. Shunisi ma'lumki, u milliy xavfsizlikni ta'minlashga xizmat qiladi. Missiya “amerikalik harbiylarning zarur bo‘lganda operatsiyalarni o‘tkazish uchun butun dunyo bo‘ylab razvedka ma'lumotlarini olishlariga” qaratilgan.

Bundan avvalroq SpaceX kompaniyasi Zuma maxfiy sun'iy yo‘ldoshi parvozini amalga oshirgandi. Biroq qurilma belgilangan orbitaga olib chiqilmagan va qo‘ldan boy berilgan. Pentagon bunga izoh berishni istamagan, SpaceX esa sun'iy yo‘ldoshni olib chiqqan raketa-tashuvchi soz holatda bo‘lganini aytgan, biroq sun'iy yo‘ldosh yo‘qolgani haqida xabarni na tasdiqlagan va na inkor etgan. 

Mavzuga oid