Qishki transfer darichasi Aleksis Sanchesning «Manchester Yunayted»ga o‘tishi haqidagi xabarlardan tashkil topgan qanaqadir musiqa sadolari ostida o‘tyapti, deb bemalol aytish mumkin. Venger aytishicha ushbu transferning hal bo‘lishi uchun qolgan 48 soatning yarmi ham o‘tdi, biz esa kutishda davom etyapmiz. Bu jarayon bizni zeriktirib qo‘ymasligi uchun keling, chililik futbol yulduzining faoliyatiga yaqindan nazar tashlaymiz. Bizga bu borada UEFA.com yordam beradi. Saytda Aleksis Sanches bilan bog‘liq qiziqarli ma'lumotlar taqdim etildi.  

Sharaf sari yo‘l

Niño Maravilla – «mo‘'jiza bolakay» laqabli futbolchi «Udineze» 2006 yildayoq ko‘z ostiga olib qo‘ygandi, qahramonimiz u paytlarda «Chili»ning «Kobreloa» klubida to‘p surardi. 17 yoshli Sanches bilan shartnoma imzolagan Italiya klubi uni Janubiy Amerikada qoldirdi va avvaliga «Kolo-Kolo»ga, keyin esa, Argentinaning «River Pleyt» klubiga ijaraga berdi. 

2008 yilning yozida Aleksis Yevropaga keladi va dastlabki ikki yilni juda yaxshi o‘tkazdi. Keyin esa, uning Antonio Di Natale bilan hujumdagi juftligi butun Yevropaning og‘ziga tushdi. 2010/11 mavsumda «Udineze» aynan shu tandemning sermahsul o‘yinlari evaziga A Seriyada 4-o‘rinni oladi va Chempionlar Ligasi saralash bosqichiga yo‘llanma oladi.

O‘sha mavsumda Sanches 12 gol mualifi bo‘ldi. Uning «Palermo» darvozasiga safar o‘yinida amalga oshirgan pokeri esa, Italiya chempionati tarixiga mehmon jamoa hujumchisining ilk pokeri sifatida tarixga qayd etildi.  

2011 yilning iyulida u 26 million yevro evaziga «Barselona» futbolchisiga aylandi. Ispaniyadagi o‘zining debyut mavsumida superkubok, Ispaniya kubogi va chempionligi, shuningdek, klublar o‘rtasidagi jahon chempionligini yutishga muvaffaq bo‘ldi. «Aleksis mening qalbimni zabt etdi va uning Barselonaga kelishidan baxtiyor bo‘ldim. U juda kamtar, shu bilan birga «Barselona»ni sezilarli kuchaytirdi» – degandi o‘shanda Pep Gvardiola.  

2012/13 mavsumida Sanches «Barselona» bilan yana Ispaniya chempioni bo‘ldi va jamoaga o‘z tarixida birinchi marta 100 ochkolik dovonni zabt etishda yordam berdi. «Bu yerda o‘ziniki bo‘lib qolish oson emas. Ammo Aleksis buni uddaladi» – deb baho berdi klubda Gvardioladan keyin bosh murabbiy bo‘lgan Tito Vilanova. 

Sanchesning Barselonadagi eng sermahsul mavsumi 2013/14 ga to‘g‘ri keladi. Xerardo Martino qo‘l ostida chililik hujumchi La-Ligada 19, barcha musobaqalarda 21ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo o‘sha mavsum jamoa uchun u qadar omadli chiqmadi. Ispaniya kubogi finalida klub «Real»dan yutqazdi, Ispaniya chempionatidagi so‘nggi turda esa, aynan Sanchesning goli «Barselona»ga chempionlikni sovg‘a qilishi mumkin edi. Ammo «Atletiko» o‘sha o‘yinda hisobni tenglashtirishga erishib, chempionlikni ilib ketgandi. Madridliklar bosh murabbiyi Diyego Simeone bilan Sanches «River Pleyt»da birga ishlaganini ta'kidlash lozim.