Jahon | 00:40 / 30.01.2018
18839
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada ham mehnat migrantlari uchun Green card joriy etish mo‘ljallanmoqda

Aleksey Kudrin boshchiligidagi Rossiyaning Strategik ishlanmalar markazi (SIM) Rossiyaning migrantlar uchun jozibadorligi pasayib borayotganini qayd etib, xorijiy mehnatkashlarni jalb etish uchun maxsus choralar ko‘rish kerakligini tavsiya etgan, deb yozadi «Kommersant'».

Markazning tayyorlagan hisoboti (*.pdf) ga  ko‘ra, Rossiyaning mehnatga layoqatli aholisi qisqarib bormoqda, mehnat bozori migrantlarsiz yashay olmaydi. 2030 yilgacha Rossiyada mehnatga layoqatli aholi 11-13 million kishiga qisqarib ketadi. Bu holatda ichki migratsiya uchun zaxira qolmaydi hisob, chunki provinsiyalardan markaziy hududlar yoki qishloqlardan shaharlarga ko‘chib o‘tishi mumkin bo‘lganlar allaqachon ko‘chib olishgan.

Hisobot mualliflarining qayd etishlaricha, iqtisodiy tanazzul, sanksiyalar va rubl kursining pasayishi tufayli 2015 yildan buyon xorijiy migrantlar soni tushib bormoqda.

Xususan, O‘zbekiston va Tojikistondan kelgan mehnat migrantlarining soni 2015-2016 yillarda 2014 yilga nisbatan 14 foizga kamaygan. Ayniqsa, yuqori malakali migrantlar soni sezilarli tarzda pasaygan.

Ekspertlar mehnat migrantlarini jalb etishda xorij tajribasidan foydalanishni taklif etishmoqda. Bu ishchi yashash huquqi va ishlash uchun ruxsatnoma olishni tezlashtiradigan vizalar va kartalar tizimi bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Amerikaning Green card va Yevropaning Blue card’iga o‘xshash tizim joriy qilish ham mumkin — bu holatda xorijliklar lotereya orqali osonlashtirilgan migratsiya tartibiga huquqli bo‘lishadi. Bundan tashqari, ekspertlar rus tili va qonunlarni o‘rgatish yo‘li bilan migrantlarni integratsiyalash tizimini rivojlantirishni taklif etishmoqda.

Rossiyada ishlayotgan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston migrantlari har yili o‘z vatanlariga bir necha milliard dollar jo‘natishadi. Ularning jo‘natgan pullari bu mamlakatlar YaIMiga jo‘yali ulush hisoblanadi. Biroq migrantlar mehnatidan Rossiya iqtisodiyotiga kamroq naf keltiradi va buni rossiyalik amaldorlar bot-bot takrorlab kelishmoqda.

Ekspertlarning hisoblashlaricha, masalan, 2013 yilda migrantlar mehnati Rossiya YaIMining 7-8 foizini ta'minlagan, bu esa pul ko‘rinishida 8 trillion rubl yoki qariyb 140 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.

Migrantlarning aksariyati Rossiyada yashab qolishni istashadi. 1992 yildan buyon bu mamlakatga boshqa davlatlarning — asosan MDH davlatlarining 9 milliondan ortiq fuqarolari ko‘chib o‘tgan.

Mavzuga oid

E`lonlar