18:50 / 02.02.2018
239707

Chaqaloq tanasida paydo bo‘lgan ignalar. Dastlabki farazlar ma'lum

Foto: KUN.UZ

Tanasidan ignalar topilgan 11 oylik chaqaloq Azizbek Abdumajidov 9 soat davomida jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgach, o‘ta og‘ir holatda reanimatsiyada shifokorlar nazoratida qolmoqda. So‘nggi olingan ma'lumotga ko‘ra, shifokorlar uning holati ijobiy tomonga o‘zgara boshlaganini aytmoqda.

Kun.uz muxbiri chaqaloqning tanasidan topilgan ignalar qanday qilib uning ichki organizmida paydo bo‘lib qolganiga qiziqib, Farg‘ona viloyati Toshloq tumaniga yo‘l oldi.

Ma'lum qilinishicha, Azizbek oilada uzoq yil kutilgan, ota-onaning istak va xohishi bilan dunyoga keldi. Bolaning otasi oiladagi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar sabab, chaqaloq tug‘ilgan onlarda ham Rossiya Federatsiyasida ishlayotgandi. Ammo, noxush voqeani eshitgan zahoti O‘zbekistonga qaytdi.

Shu paytgacha, Azizbek va uning onasi o‘zining qizlik uyida yashab kelayotgandi. Ular yashab turgan xonadonda bolaning buvi, buvasi va xolasidan boshqa hech kim yo‘q. 

«Ularning uyida hech qanday janjal yo urush ovozini eshitmaganmiz. Har doim mahallada namunali oila sifatida e'tirof etilgan», deydi oilani yaxshi tanigan qo‘shnilardan biri.

Dastlabki farazlarga ko‘ra, shifokor Habibullo Akilov «ignalar tashqi kuch ta'sirida tanaga kiritilgan» bo‘lishi mumkinligini aytgan. Huquq-tartibot organlari xodimlari mazkur faraz asosida holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan bo‘lib, ayni paytda dastlabki surishtiruv ishlari davom etmoqda.

«Kelinning onasi do‘ppi tikish bilan shug‘ullanadi, qolaversa noyabr kunlari ularning uyida «​ko‘rpa qavish»​ (to‘shak) bo‘lgandi. Balki, chaqaloq qog‘ozda to‘plam o‘rab qo‘yilgan ignalarni yutib yuborgandir», deydi yoshi ulug‘ MFY faoli.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan tergov jarayonidan xabardor ichki ishlar xodimi ham shu farazni tasdiqladi.

«Mavjud dalillar bilan ishni obdon o‘rganib chiqyapmiz. Suratlarga e'tibor qiling, (suratlar ko‘rsatildi) bola qo‘liga tushgan barcha narsani og‘ziga solishni yaxshi ko‘radi», deydi xodim.

Dastlabki surishtiruv holatiga ko‘ra, chaqaloq qadog‘idan ochilmagan, yangi ignalar to‘plamini bus-butun yutib yuborgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasulbek Kusherbayev bolakayni «unvonsiz yagona va haqiqiy «​qahramoni»​ga tenglashtirdi.

«​Yasha...Mening jajji qahramonim Azizbek Abdumajidov. Inson irodasi qanchalar so‘nmas ekanligini yana bir bor isbotlash uchun yasha! Murg‘ak boshing bilan mashaqqat va azobni yengib, hammaga haqiqiy qahramonlik nima ekanligini ko‘rsatish uchun yasha! Hali ularga yashash neligini ko‘rsatib qo‘yish uchun ham yasha! Larzaga kelgan qalblarni yupatish, umid va quvonchga to‘ldirish uchun yasha!

Sen men bilgan unvonsiz yagona va haqiqiy «qahramonimsan». Yasha...»​

Eslatib o‘tamiz, joriy yil yanvar oyida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Bolalar jarrohlik bo‘limida 11 oylik chaqaloq tanasida aniqlangan 16 dona ignani olib tashlash bo‘yicha murakkab amaliyot o‘tkazilgan bo‘lib, shundan so‘ng chaqaloqning holati​ o‘ta og‘ir darajada, deb baholangandi.

11 oylik chaqaloqning tanasidan 16 dona igna topildi

Top