Tahririyatimizga qadimiy shaharlarimizdan biridan juda tashvishli xatlar kela boshladi... Barchasi viloyat hokimining asossiz zulmi haqida bo‘ldi.
Azbaroyi shu ulug‘ shahar va viloyat nomiga dog‘ tushmasligi, Prezident ishonch bildirib, mas'ul lavozimga tayinlagan bu shaxsga nisbatan xalqning nafratini yanada qo‘zg‘amaslikka qaror qildim. Boz ustiga, voqeani joyiga borib surishtirganimda, guvohlar bo‘lib o‘tgan voqealarning ayni haqiqat ekanligini tasdiqlab, o‘z ismlarini ko‘rsatmaslikni qattiq iltimos qilishdi... Qo‘rqishyapti... Lekin yopig‘liq qozon yopig‘lig‘icha qolib ketishini ham istashmayapti.
Prezident xalq deputatlari oldida ishonch bildirib, zabardast viloyatlardan biriga rahbar etib tayinlagan shaxs qanday bo‘lishi kerak? Keling, o‘z fikrlarimni bayon qilay: Men hokim bo‘lganimda nimalar qilar edim? Va muhimi, nimalarni qilmas edim...
Men hokim bo‘lganimda, avvalo, har bir insonni hazrati inson o‘rnida ko‘rardim. Yurtimizdagi, xorijiy davlatlardagi mashhur dargohlarda o‘qib, diniy madrasaga rahbarlik qilayotgan olim insonni o‘z talabalari va boshqalar ko‘z o‘ngida «onangni…» deb haqorat qilmasdim, aslo! Chunki bu toifa insonlarga haqorat boshqacha ta'sir qiladi. Allohga solishadi... Men esa Xudodan qo‘rqaman.
Ichki ishlar organlariga uning qo‘liga namoyishkorona kishan urib, olib ketishni buyurmas edim.
Chunki tushunardimki, madrasa uchun tahoratxona, oshxona qurish — uning bosh vazifasi emas. Viloyatda bu ishni qiladigan o‘z egalari bo‘lishi kerak. Aytaylik, tender orqali. Ma'lum bir qurilish tashkiloti tayinlanib, muddatlar belgilanib. Hech qursa mart oyining boshlarida ruxsat olingan qurilish ishlarini boshlash uchun ertaroq hujjat tayyorlanishiga kamarbasta bo‘lardimki, ish tezroq bitsin, qishning sovuq-qironli kunlarigacha cho‘zilmasin.
Ayni holatda shahar ahlining xayriyasi va hashar yo‘li bilan barpo etilayotgan obektga aloqam yo‘qligini his qilardim. «Barakalla» deb qo‘yardim, agar moddiy tomondan yordam berish qo‘limdan kelmasa, hech bo‘lmasa ma'naviy yordam berishga intilardim.
Qishning qahraton sovug‘ida ishlayotgan ustalarning otasiga rahmat deb, kunora borib ko‘nglini ko‘tarardim. «Siz aytgan muddatda bezak ishlarini tezlashtirib tugatishning imkoni yo‘q, sifat buziladi», degan qo‘li gul ustaboshini urmasdim. O‘zini himoya qilish uchun, men otayotgan mushtlarni qaytarib qolish uchun qo‘l ko‘targanda, «menga qo‘l ko‘tardi», deb ichki ishlar bo‘limiga olib ketishlarini talab qilmasdim. Chunki bilardimki ichki ishlar bo‘limida o‘z vazifasiga noloyiq shaxslar ham bo‘lishi, taqvodor ustalarning soqollarini majburlab qirdirib tashlaydigan shaxslar ham uchrashini. Guruch ichida kurmak ham bo‘ladi-da… Mabodo ustalarning ko‘zini qo‘rqitish uchun shunday qilishga jahl ustida buyruq berib yuborsam ham, ichki ishlar organlaridagi kasbiga noloyiq xodimlar fuqarolarni xo‘rlagani uchun ishdan bo‘shatilishini talab qilardim.















