Ikki oydan sal ko‘proq davom etgan tanaffusdan so‘ng, bugundan nihoyat Yevropa Chempionlar Ligasi davom etadi va nimchorak final pley-off o‘yinlariga start beriladi. O‘yinlar har bir kunga ikkitadan qilib taqsimlangani uchun sakkiz ishtirokchi bu hafta kuch sinashsa, qolgan o‘yinlar kelasi haftaga belgilangan. Boshlanayotgan pley-off bosqichi haqida o‘z fikrlarimiz bilan o‘rtoqlashamiz. Xo‘sh, bu safargi turnir oldingilardan nimasi bilan farq qiladi?
ANGLIYaDAN BeSh JAMOA

Ushbu Chempionlar Ligasi mavsumida Angliya Premer Ligasidan birato‘la 5 jamoa qatnashmoqda. Bu Angliya uchun rekord natijadir. Ikki yil oldin Ispaniya chempionati ham musobaqaga besh jamoasini taqdim etgandi.
Bu safargi ko‘rsatkichning o‘ziga xosligi shundaki, barcha besh jamoa pley-off bosqichiga chiqa olishdi. Yuqorida eslangan, 2015/16 yilgi mavsumda esa, «Valensiya» va «Sevilya» guruh bosqichidan o‘ta olmagan, fevralga kelib, La Ligadan faqat 3 jamoa qolgandi. APL jamoalari guruhda juda kuchli o‘yin ko‘rsatganliklarining isboti - besh jamoadan to‘rttasi o‘z guruhlarida birinchi o‘rinni olishdi. «Chelsi» 2-o‘rinni olgan bo‘lsa-da, bir tur avval pley-off masalasini hal qilgandi. Xullas, YeChL tarixida ilk marotaba, bitta ligadan besh jamoa ishtirok etmoqda.
Ingliz jamoalarining kuchayishi, u yerda dunyoning eng yaxshi murabbiylari to‘planishi va bu murabbiylar klublarda ikkinchi yoki uchinchi mavsumlarini o‘tkazayotganliklaridir. Bu omil ingliz klublarining shakllangan va raqobatbardosh kuchga aylana boshlaganiga sabab bo‘lib ham xizmat qilmoqda.
YeVROPANING ASOSIY INTRIGASI

Katta ehtimol bilan, aprel oylariga yaqin, ya'ni chorak finallar paytida, kuchli milliy chempionatlarning aksariyatida chempionlik masalasi hal bo‘lib qolsa kerak. «Manchester Siti», «Barselona», «PSJ» va «Bavariya» klublari ta'qibchilarini ikki raqamli sonlardagi ochko farqi bilan ortda qoldirishmoqda.
Bu nima degani? Bu klublar ichki chempionatdagi kurashlardan chalg‘imasdan bor e'tiborlarini Yevropadagi muhim turnirga qaratishlari mumkin bo‘ladi. Nafaqat, bu peshqadamlar, shuningdek, chempionlikdan umidini uzgan «Real», «Chelsi» yoki «Manchester Yunayted» kabi jamoalar ham, ichki frontda «non yo‘qligi»dan asosiy e'tiborni Yevropa Chempionlar Ligasidagi pley-offlarga qaratishlari turgan gap.



















