Tadbirda ma'lum qilinishicha, bugungi kunda Turkiyadan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni - 20 ming nafarni, O‘zbekistondan Turkiyaga borayotgan sayyohlar soni esa 120 mingni tashkil qilmoqda. Endi vizasiz rejim joriy qilingandan keyin bu raqamlar yanada oshishi shubhasiz. 

Turkiyalik mutaxassislar bugungi kunda O‘zbekistonda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni kuzatib borayotganliklari, "ota yurtlari"da yaratilayotgan qulayliklardan g‘oyatda xursand ekanliklarini ta'kidlagan holda, mamlakatimizda turizm sohasi rivoji yo‘lida g‘ov bo‘layotgan to‘siqlarga ham to‘xtalib o‘tishdi.

Turkiyalik ekspertlarning deyarli barchasi eng katta to‘siq sifatida "O‘zbekiston havo yo‘llari" chiptalari narxi yuqoriligini (ularning so‘zlariga ko‘ra, 700 dollar atrofida) ko‘rsatishdi. 

Shu bilan birga, O‘zbekistonda ikkita yo‘nalishda qonun qabul qilinishi maqsadga muvofiq bo‘lishini ta'kidlashdi. Bulardan biri "Turizmni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi qonun bo‘lsa, ikkinchisi "Moliyalashtirish va ularning manbalarini ta'minlash to‘g‘risida" bo‘lishi kerakligi qayd etildi. 

Bundan tashqari, O‘zbekistonga sayyohlar kelishi uchun talabga javob beruvchi shart-sharoitlar yaratilishi haqida  o‘ylab ko‘rish tavsiya etilib, mamlakatda turizmni rivojlantirishga qo‘llaridan kelgancha yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.