O‘zbekiston | 16:29 / 14.02.2018
29369
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda o‘tgan Bobur tavallud kuniga bag‘ishlangan fleshmobda viloyat hokimi ham ruboiy o‘qidi

Bashariyat tarixida davlat arbobi, shoh, sarkarda va iste'dodli shoir sifatida iz qodirgan Zahiriddin Muhammad Bobur jahon madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan allomalardan biridir.

14 fevral sanasi esa O‘zbekistonda shoir tavallud topgan kun sifatida keng nishonlanadi. Andijon viloyatida ham ushbu sana munosabati bilan mehnat jamoalari, ta'lim muassasalari hamda mahallalarda bir qator ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

Bog‘ishamol dahasidagi Bog‘i Bobur majmuasida chet ellardan tashrif buyurgan olimlar ishtirokida shoir ijodiga bag‘ishlangan ilmiy konferensiya, Bobur nomli viloyat drama teatrida “Nazm va navo” kechasi o‘tkaziladi.

Andijon viloyat hokimligi shoh va sarkarda tavallud kuni oldidan uning nomi bilan ataluvchi xiyobonda o‘ziga xos tadbir tashkil qildi.

O‘nga yaqin Bobur siymosidagi aktyorlar uning g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qishdi.  

Shoirning el ichida mashhur bo‘lgan asarlarini turli kasb egalari o‘z ish joylarida o‘qib berganligi aks etgan videolavhalar hafta davomida viloyat televideniyesi orqali namoyish etilib, keng jamoatchilik yig‘ilgan xiyobondagi fleshmobda ishtirok etgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ham ushbu videorolik uchun shoir ruboiylaridan birini o‘qidi.

Tadbirda ishtirok etgan yoshlar Bobur ruboiylaridan yoddan aytishdi.

 

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon       

Mavzuga oid