1991-2005 yillarda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri bo‘lgan general-polkovnik Zokirjon Almatov Islom Karimov haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda Islom Karimov ilmiy-ma'rifiy majmuasi saytida maqola e'lon qilingan.

«Ochig‘i, men shunday ulug‘ inson, Islom Abdug‘aniyevich Karimov rahbarligida yonma-yon turib, hamfikr bo‘lib ishlaganimdan, avvalo, Allohga shukrlar qilaman.

Umuman, Islom Abdug‘aniyevich haqida juda ham ko‘p yozilgan va umid qilamanki, hali juda ham ko‘p yoziladi. Uning har bir kuni erta bilan telefon orqali mendan axborot olish bilan boshlanar edi. Har kungi axborotga, mamlakatdagi tinchlik-osoyishtalikka, shu bilan birga, sodir etilgan jinoyatlarga ham katta ahamiyat berar edilar.

U kishining har bir so‘zi kechagidek esimda: “Zokirjon, bilib qo‘y, mamlakatda tinchlik-osoyishtalikni o‘rnatmasdan turib, ko‘zlangan maqsadlarga erishib bo‘lmaydi. Mening va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning asosiy vazifasi ana shu mamlakatda tinchlik-osoyishtalikni o‘rnatish”.

Esimda, 1991 yillar Mustaqilligimizning ilk yillari tinchlik, osoyishtalik, yosh va hali murg‘ak davlatimiz juda katta xavf-xatarlar ostida edi.

general-polkovnik Zokirjon Almatov. Foto: islomkarimov.uz

Muqaddas islom dinimizni niqob qilib, mamlakatimizga har xil missionerlarning kirib kelishni boshladi. Ularning asosiy maqsadlari vaziyatni izdan chiqarish, yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirish, ularni har xil diniy oqimlarga a'zo qilish, Islom bayrog‘ini niqob qilib xalqni qo‘zg‘olonga da'vat qilish edi. 1991 yilda Namangan, Farg‘ona, keyinchalik Andijondagi voqealarni eslaylik.

Mamlakatda har xil partiyalar va harakatlarning paydo bo‘ldi (“Erk” partiyasi, “Birlik xalq harakati” va boshqalar). Ba'zi bir buyuk davlatlarning ta'sirida bo‘lgan ana shunday partiya va harakatlarning, davlatimizni ichidan yemirish, ruxsat etilmagan miting va namoyishlar o‘tkazishga urinishlar bo‘ldi. 1992 yil yanvarida Toshkentdagi Talabalar shaharchasidagi voqealar shular jumlasidandir.

Uyushgan jinoyatchilikning tinchlik-osoyishtalikka, operativ vaziyatga ta'siri katta edi. Har kungi operativ ma'lumotlar 50-60 bosqinchilik, talonchilik, qotillik, har kuni 50 tagacha avtomashinani o‘g‘irlash. Reket va boshqa og‘ir jinoyatlar, ayniqsa, 1991 yilning oxirlarida mamlakatda qayd etilar edi. 1991 yilning oxirlarida mamlakatda bug‘doy-un mahsulotlarining taqchilligini yuzaga kelishi davlat zaxirasida bor yo‘g‘i bir haftaga yetadigan bug‘doy, un mahsulotlari qolgan edi. Yuzaga kelgan ana shunday vaziyatlar manaman degan har bir rahbarni dovdiratib qo‘yishi, tinchlik-osoyishtalikni izdan chiqarishi mumkin edi. Ana shunday murakkab vaziyatlarda Islom Abdug‘aniyevich o‘zining jamoasi bilan metindek iroda, mardlik, jasurlik ko‘rsatib, mamlakatni og‘ir vaziyatlardan olib chiqdilar.