BOShLAMAYSANMI KONTsERTINGNI?
Xalqimizning sevimli san'atkori Hojiboy Tojiboyevning bir latifasi bor edi. Qiziqchi bir yerga konsert qo‘ygani borib, odamlarni rosa kuldiradi. Barcha ichakuzdi hangomalardan miriqib kulayotganda bir otaxon qovoq o‘yib turaveradi va oxiri gapiradi: «E bola boshlamaysanmi konsertingni? Boyadan beri gapirasan, men bu yerga konsert ko‘rgani kelganman». O‘sha otaxon qiziqchining kuldirishini emas, qo‘shiqchining ashula aytishini eshitgani boryapman deb o‘ylaganda aslida…
UMIDLI IBTIDO
Ko‘pchilik futbol muxlislari ham yuqorida aytganimiz otaxonning holatiga tushib qolishgan. Biz nimalar kutgandigu, nimalar bo‘lib ketyapti… Futbolimizga yangi rahbar tayinlanganida undan ko‘p narsani umid qildik. Aytgancha, uning ismi ham umidlarimizga monand Umid. Endilikda u vitse-prezident darajasiga tushirilgan bo‘lsa-da, aslida barcha amaliy ishlarni o‘zi qilayotganini ko‘rmoqdamiz. O‘zining ta'biri bilan aytganda, 7 joydan oylik oladigan birinchi rahbar esa futbol bilan yaqindan shug‘ullana olmasligi tayin. Shunday qilib, futbol olamiga mutlaqo begona bo‘lgan, mamlakat futbolini o‘z qo‘liga olishidan sal oldin «Paxtakor» vitse-prezidenti etib tayinlangan Umid Ahmadjonov millionlab xalqimizning ermagi bo‘lgan futbolning kattasi bo‘ldi. Keyin Ahmadjonov yana bir futbol olami uchun notanish Omon G‘ofurovni PFL rahbari etib tayinladi. Xullas, futbolda inqilob boshlandi. Reglamentdan tortib, qoidalargacha hammasining oyog‘i osmondan bo‘ldi. Yangi rahbariyat Oliy Liga jamoalari sonini 12tagacha qisqartirdi. Balki, qo‘shni davlatlarning sanoqli jamoalardan iborat zerikarli chempionatiga «havas» qilishgandir? Lekin o‘sha qo‘shnilarimizdagi jamoalar soni biznikidan ancha kam ekanini, ularda futbol bizdagi kabi ommalashmagan ekanini inobatga olishganmikin biz umid bildirgan rahbarlar? Halol mehnati evaziga Oliy Liga yo‘llanmasiga ega bo‘lgan «Tsementchi»ga yuqori divizionda o‘ynashga ruxsat berilmadi. Chempionatni quyi o‘rinlarda yakunlagan «Neftchi» va «So‘g‘diyona» tushunarsiz tarzda Oliy Ligaga, aytgancha endi nomi o‘zgargan SUPERligaga olib chiqildi. Mayli yuqori divizionni nima qilsalar qilishdi. Bugun Birinchi Liga, obbo yana yodimdan ko‘tarilibdi, endilikda Pro-Liga ekanligi, xullas ikkinchi divizionimiz haqida gapirmoqchimiz.
SIRPANChIQ QOIDALAR
Agar futbolimizda ham yilni o‘ziga xos nomlash odati bo‘lganida bu yilgi futbolimiz «Qayta nomlash va abrivatsiyalash yili» nomini olgan bo‘lardi. Avval ikkita ligamizning, keyin esa futbol federatsiyaning nomi o‘zgartirildi. Endi O‘FF so‘zi tarixda qoldi va O‘FA bilan almashtirildi. Xuddi bu bilan biz Yevropa darajasiga ko‘tariladigandek. Balki, salobatliroq eshitilgani uchun shunday o‘zgartirishgandir. Salobat deganda bir latifa esga tushadi. Bir aeroport yaqinida yashaydigan otaxon aravada ketayotganida samolyotning shamolidan yiqilib jarohat olibdi. Voqea joyiga yetib kelganlar otaxon protokolga baxtsiz hodisa deb yozaylikmi desa otaxon xafa bo‘ladi: «Yo‘q, bolam, aviahalokat deb yoz. Salobatli eshitiladi-da!», degan ekan. Darvoqe, «Olmaliq» ham bu qayta nomlash va abbreviaturalashlardan ilhom oldi chog‘i, nomini birato‘la ruschasiga AGMK deb qo‘yaqoldi. Xullas, ana o‘sha yangi nomdagi O‘FA Birinchi Liga formatini hamon tasdiqlagani yo‘q. Odatda mavsum boshlanishidan oldin viloyatlar miqyosida o‘tkaziladigan Ikkinchi Liganing g‘oliblari o‘rtasida Birinchi Ligaga chiqish uchun o‘tish musobaqalari o‘tkazilardi. Biroq, hozir bu haqda hech qanday gap yo‘q. Avvaliga har bir viloyatdan bitta jamoa Birinchi Ligada o‘ynaydi degan xabar tarqaldi, lekin bu xabar ham 24 yoshdan katta bo‘lgan futbolchilarga qo‘yiladigan taqiq kabi «kimdir aytganidek» bo‘lib chiqdi. Agar har bir viloyatdan bitta jamoa Birinchi Ligada o‘ynasa, viloyatlardagi bir nechta jamoalar Ikkinchi Ligaga badarg‘a qilinishi kerak. Tez-tez o‘zgaradigan qoidalarga esa «sirpanchiq qoidalar» deb nom berishga qaror qildik. Chunki, ular chindanam sirpanchiq, har daqiqada o‘zgarib qolishi mumkin. Birinchi Liga haqida o‘zgarmaydigan qaror esa hali chiqqani yo‘q. mutaxassisligi filolog bo‘lgan G‘ofurovning ta'kidlashicha, Pro-Liganing darajasi eski Oliy Liganiki kabi bo‘larkan. Bu gapi bilan u eski Oliy Liganing darajasi pastligiga ishora qildimi, yoki hozirgi Birinchi Liganing darajasi o‘ta yuqoriligigami bilish qiyin. Har holda hali qaysi jamoalari o‘ynashi, qaysi tartibda o‘ynashi ham aniq bo‘lmagan Pro-Ligani yuqori darajada deb bo‘lmaydi.















