Bir hafta oldin Butunjahon boks seriyasi musoabaqalarida ishtirok etayotgan «Uzbek Tigers» jamoasi faoliyatini tugatishi haqida xabarlar tarqaldi. Ko‘p o‘tmay milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari Umid Ahmadjonov MOQ rasmiy saytida chiqish qilib, bu xabarlarni inkor qildi: «Bu xabarlarning barchasi asossiz bo‘lib, aksincha Milliy olimpiya qo‘mitasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamkorligida boks bo‘yicha Butunjahon boks seriyasi (WSB) musobaqasida uch yildan buyon muntazam ishtirok etib kelayotgan «Uzbek Tigers» jamoasini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan janglarni yangicha formatda, muxlislar uchun xaqiqiy boks shousi darajasida tashkil etish niyatida keng ko‘lamda ish olib bormoqda».

Foto: Umid Ahmadjonov va Shoakram Isroilov / MOQ

Ahmadjonovning «haqiqiy boks shousi»ga bayonotdan keyingi abzatsda tushuntirish berib o‘tilgan. Unda 27 fevral va 1 mart kunlari Termizda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan uchrashuvlar manzili Toshkentga ko‘chirilgani ma'lum qilingan. Buning sababi ham ajoyib. Rasmiy saytda keltirilgan izohda «muxlislarga xaqiqiy sport bayrami muhitini yaratish maqsadida» bu ishga qo‘l urilgani aytilgan. Stop. Men tushunmagan narsa, sport bayrami muhitini yaratish uchun Termiz bilan Toshkentning qanday farqi bor o‘zi? Termizda «muxlislarga haqiqiy sport bayrami muhitini yaratish» uchun sharoit yo‘qmi? Umuman, sport bayramiga aylantirish uchun qanday sharoit bo‘lish kerak? Termiz variantidan voz kechilishi uchun poytaxtning qanday ustun tomoni bor edi? Termiz mezbonligi nima uchun bekor qilindi o‘zi? Termizlik oddiy muxlis bilan toshkentlik muxlisning nima farqi bor, janob mas'ullar? Yoki ularni mana shu bayramni jonli tomosha qilishdan mahrum qilish uchun Toshkentda yashovchi O‘zbekiston fuqarolarining qandaydir ustunligi bormi? Mamlakatning eng janubiy nuqtasidagi termizlik ham, poytaxt Toshkentdagi fuqaro ham shu davlat rivoji uchun ishlaydi, shu davlat qonunlari asosida soliq to‘laydi. Shu davlat rejasi asosida paxta, g‘alla planini topshiradi. Shu davlatda har bir fuqaro uchun teng bo‘lgan barcha qonunlar asosida mehnat qiladi.

Sport musobaqalari o‘tkazilishi haqida gap ketganda viloyatlarda o‘tgan musobaqlar poytaxtga qaraganda, doim ko‘proq tomoshabin yiqqan. Ya'ni, odatda muxlislar tashrifi bilan shouga aylangan o‘yinlar viloyatlarda ko‘proq. Oddiy futbolni oling. Toshkentda deyarli hech kim futbolga tushmay qo‘ygan, lekin vodiy, Samarqand va Buxoroda haligacha stadionlar to‘lib keladi. Yoki «Uzbek Tigers»ning o‘tgan yili Samarqandda o‘tkazgan janglarini eslaysizmi Amfiteatr tomoshabinlarga to‘lib-toshgan, ko‘chada qanchadan-qancha muxlis qolib ketgandi. Bilmadim, men uchun haqiqiy sport bayrami muhiti mana shu. Haqiqiy sportcha atmosfera shunaqa bo‘lishi kerak. Vodiy va Buxorodagi futbol, Samarqanddagi boks — mana shu haqiqiy sport bayrami.