Sport | 00:41 / 23.02.2018
9057
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston sport vaziri mamlakat futbolini legionerlardan “tozalamoqchi”  

Foto: Sports.kz

Qozog‘iston sport vaziri Aristanbek Muxamediuli mamlakat futbolini xorijiy futbolchilardan “tozalamoqchiligini” ma'lum qildi.  

“Joriy yilda Qozog‘istonda faqatgina mahalliy futbolchilar futbol o‘ynashlari masalasi qo‘yilib, ko‘rib chiqiladi. Bu barcha viloyatlar terma jamoalariga taalluqli bo‘ladi. Bundan tashqari, biz viloyatlar rahbarlariga barcha maktablarda boshlang‘ich sinflardan yosh futbolchilar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishni yo‘lga qo‘yishda yordam berishni taklif qilmoqdamiz”, deb aytgan vazir.

Transfermarkt sayti ma'lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston chempionatining 12 klubida to‘p suruvchi 317 nafar futbolchidan 97 nafari xorijliklardir. Qozog‘iston milliy terma jamoasi yanvar holatiga ko‘ra, FIFA reytingida Markaziy Osiyodagi barcha qo‘shni davlatlar terma jamoalaridan ortda qolib, 136-o‘rinni egallamoqda.   

Ta'kidlash joizki, Qozog‘istonda sportchilarni naturalashtirish (fuqarolik berish) faol tarzda olib boriladi. Jumladan, mamlakatning xokkey terma jamoasiga Ostonaning “Baris” xokkey klubida o‘ynovchi kanadalik va rossiyalik o‘yinchilar jalb qilinadi. Misol uchun, yanvarda shvetsiyalik darvozabon Xenrik Karlsson Qozog‘iston fuqaroligini olgan.

Xususan, Pyongchangdagi Olimpiadada short-trek bo‘yicha bahslarda Qozog‘iston sharafini kelib chiqishi janubiy koreyalik Kim Yong A himoya qildi. 

Biroq joriy yil fevralda Keniya yengil atletika federatsiyasi Qozog‘iston pasportini olgan keniyalik yuguruvchilarni javobgarlikka tortishini ma'lum qilgan. 

Mavzuga oid