Jahon | 09:19 / 26.02.2018
12273
3 daqiqa o‘qiladi

KXDRning Tokioga ehtimoliy yadro zarbasi oqibatlari taxmin qilindi

Foto: AP

National Interest nashri mutaxassislari KXDRning Tokio shahriga ehtimoliy yadro zarbasi oqibatlarini baholashdi. Ekspertlar tahlil chog‘ida Stivens Texnologiyalar institutida ishlab chiqilgan Nukemap maxsus dasturidan foydalanishdi.

Nashr qisqacha ma'lumotnoma keltirgan va Koreya yarim oroli yapon qo‘shinlari tomonidan 1940-1945 yillarda bosib olinganini qayd etgan. Bu hodisalar ikki davlat munosabatlariga salbiy ta'sir ko‘rsatdi hamda Yaponiya va 1948 yilda tashkil topgan KXDR o‘rtasida antagonizm (ziddiyat)ning ortishiga sabab bo‘ldi. Ikki mamlakat munosabatlaridagi boshqa bir muammo – Tokio-Vashington-Seul o‘ziga xos ittifoqi. U mintaqada Shimoliy Koreya siyosatiga faol ravishda qarshilik ko‘rsatadi.

Ushbu omillarga qaramay, Yaponiya KXDR uchun ikkinchi darajali davlat bo‘lib qolmoqda. NI’ning ta'kidlashicha, Yaponiya Shimoliy Koreyani asosan yapon orollarida joylashtirilayotgan Amerika bazalari tufayli qiziqtirmoqda. Ekspertlarning ishonch bildirishicha, AQShga qarashli bu harbiy obektlar Koreya yarim orolida mojaro yuz berishida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin, shuning uchun shimoliy koreyalik harbiylar eng birinchi nishoniga Amerikaning ushbu bazalari aylanadi. Xususan, ekspertlarning fikricha, AQShning “Yokota” harbiy obektiga zarba beriladi, u Tokiodan 50 kilometr uzoqlikda joylashgan. Voqealar shunday rivojlanadigan bo‘lsa, taxminan 13 ming kishi halok bo‘ladi, yana 45 ming inson jabr ko‘radi. Biroq, yadro bulutlari, mutaxassislarning taxminicha, Yaponiya poytaxtiga yetib bormaydi.

Tokioning Kasumigaseki tumanidagi hukumat tuzilmalariga beriladigan yadro zarbasi ancha jiddiy bo‘ladi, u 24 mingdan ortiq insonning hayotiga zomin bo‘lishi mumkin, yana taxminan 91 ming kishi jabrlanadi. Biroq Sindzyukudagi Yaponiya Mudofaa vazirligiga beriladigan zarba eng vayronakorga aylanadi. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday hujum tufayli qariyb 57 ming kishi qurbon bo‘ladi va yana 128 ming inson jabr ko‘radi. Bu zarbadan radiofaol bulutlar, ekspertlarning ta'kidlashicha, eng dahshatli bo‘ladi va Tokioda aholi zich yashaydigan tumanlarga xavf soladi.

Shu bilan birga, tahlilchilar Yaponiya poytaxtiga beriladigan yadro zarbasi qurbonlari va undan jabrlanuvchilar soniga ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan bir necha omillarni ta'kidlab o‘tishgan. Bir tomondan, Tokio transport tizimi favqulodda holatlarda vaqtinchalik boshpanaga aylanishi mumkin. Boshqa tomondan, mahalliy yer relefi tekis bo‘lgani uchun yadro zarbasi nuriga guvoh bo‘lganlar ko‘zi ojiz bo‘lib qolishi ehtimoli bor.

Umuman olganda, nashrning qayd etishicha, Yaponiya poytaxtiga ko‘p sonli yadro zarbasi natijasida o‘n minglab odam halok bo‘ladi, yana millionlab kishi jabrlanadi. Ekspertlarning iddao etishicha, bunday ssenariy keng miqyosli vayronalarga olib keladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid