Sport | 13:23 / 26.02.2018
25159
4 daqiqa o‘qiladi

«Navbahor»ning yangi logotipi ko‘chirmachilik mahsuli ekani ma'lum bo‘ldi

25 fevral kuni O‘zbekiston milliy chempionati Superligasi o‘yinlari oldidan, «Navbahor» klubining yangi logotipi va yangi futbolchilari taqdimot marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Namangan shahar hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, viloyat futbol assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Olimjon Isayev, klub futbolchilari, klub muxlislaridan tashkil topgan fan-klub a'zolari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

«Navbahor» klubining yangi logotipida lochin surati aks etgan, u qizil va oq ranglardan iborat. Ta'kidlanishicha, formalarda tasvirlangan qizil rang futbolchilar tomirida oqib turgan jo‘shqin qon, oq rang esa poklik va yorug‘lik, ezgulik ramzini bildirar ekan.

«Navbahor» logotipi taqdimotida olingan fotosurat

Jamoaning yangi logotipida aks etgan lochin o‘tkir ko‘zi, doimo baland marralarni ko‘zlovchi, nishonni aniq olib, maqsad sari olg‘a intiluvchi aqlli, tez uchadigan qush ekanini ta'kidlangan. 

Gap yo‘q, «Navbahor» klubiga o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadlarga erishishida muvaffaqiyat tilaymiz.

«Navbahor» qaysi tamoyillarga asosan va qanday qilib bu logotipni tanlaganini, unga kim «yasab» berganini bilmaymiz. Biroq, internet tarmog‘i orqali izlanish davomida, bu logotip Amerikaning «Eyr Fors Felkon» klubi logotipiga shubhali tarzda juda o‘xshash ekanini osonlikcha aniqladik.

 Chapda «Air Force Falcons» klubi logotipi, o‘ngda «Navbahor» logotipi

Amerikacha futbolda ishtirok etadigan «Air Force Falcons» klubi 1957 yilda tashkil qilingan bo‘lib, AQSh harbiy havo kuchlari akademiyasiga tegishli hisoblanadi. U Kolorado shtatidagi Denver shahrida o‘z o‘yinlarini o‘tkazadi. Uning logotipida ham aynan «Navbahor» tanlagan lochin aks ettirilgan, biroq ko‘k ranglarda.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi, «Navbahor» klubi yangi logotipini boshqalardan o‘g‘irlashi shartmidi? Nahotki bizda yaxshi rassomlar, usta dizaynerlar topilmasa? Fotoshopda ishlov berish orqali boshqalarning logotipini o‘g‘irlash uyat emasmi? Nahotki, byudjyeti milliardlab so‘mdan tashkil topgan klub, arzimagan pulni dizaynerlarga sarflab, o‘ziga xos va mos bo‘lgan logotipni yasatib ololmasa? «Navbahor»ning bu ishi o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan jiddiy klubning ishiga o‘xshamayapti.

Avvalroq, «Andijon» klubi o‘z logotipini «Liverpul» va «Kristal Pelas» klublari logosidan ko‘chirib olgani ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Pro-ligada ishtirok etuvchi jamoa hozir ham shu logodan foydalanib kelmoqda.

«Andijon»ning «Liverpul» va «Kristal Pelas» klublaridan o‘g‘irlagan logotipi

 

Mavzuga oid