Xitoyning Tencent va Alibaba internet-kompaniyalari onlayndan real dunyoga chiqib, do‘konlardagi xaridorlar uchun raqobatli kurashni davom ettirmoqda.
WeChat tezkor xabarlar almashish operatori egasi sifatida tanilgan Tencent kompaniyasi yaqinda Alibaba elektron kommersiya giganti tutgan yo‘lni tutib, aylanmasi 4,9 trillion dollarni tashkil qiluvchi Xitoy chakana savdo sektoriga o‘tdi.
Kiyim-kechak yoki oziq-ovqat mahsulotlari sotuvi ijtimoiy tarmoqlar va videoo‘yinlardan iborat asosiy biznesiga bevosita bog‘liq bo‘lmasa-da, kompaniya bunda ko‘p afzalliklarni ko‘rmoqda: qisqa istiqbolda chakana savdo korxonalari bilan hamkorlik iste'molchilar haqida ko‘proq ma'lumot olish va Ten Pay raqamli hamyonidan foydalanish ko‘lamini kengaytirish imkonini beradi.

Tencent kelgusida, masalan, o‘zining sun'iy intellekt sohasidagi ilg‘or tadqiqotlari mahsulotlarini real do‘konlarga joylashi mumkin, zero Xitoy chakana savdo texnologiyalari uchun ulkan sinov laborotoriyasiga aylanmoqda.
Supermarketlar jangi
Shu tariqa kompaniya sheriklarni jalb qilish borasida Alibaba bilan kuchli raqobatga kirishmoqda. Yaqinda Tencent 5,4 milliard dollar evaziga milliarder Van Tszyanlin tomonidan asos solingan savdo markazlarining egasi va eng yirik developerdan biri Wanda Commercial'ning 14 foiz aksiyasini xarid qilishga doir bitimni amalga oshirayotgani haqida ma'lum qildi. Shu bilan birga, Tencent, Yonghui supermarketlar tarmog‘i ulushiga ega bo‘lib, Carrefour'ning Xitoydagi bo‘limi hamda Heilan erkaklar kiyim-kechagi do‘koniga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Yana bir ittifoqdoshlaridan biri JD.com bo‘lib, u yanvar oyida reteylerning yangi konsepsiyasini (aqlli logistika va avtonom do‘kon aravachalari) namoyon etib, o‘zining ilk 7fresh supermarketini ochdi.
Alibaba, o‘z navbatida, joriy yilda o‘nlab yangi Hema Xiansheng supermarketlarini ochish rejalari haqida e'lon qildi. Kompaniya 2,9 milliard dollarlik Sun Art Retail Group mahsulotlar tarmog‘i aksiyalari, Lianhua supermarketlarining 18 foiz aksiyasiga ega. Shuningdek kompaniya 2017 yilda 2,6 milliard dollarga hashamatli Intime savdo markazi aksiyalarining nazorat paketini sotib olish rejalari haqida ma'lum qildi. Bunday yondashuv kompaniyaning operatsion daromad o‘sishini to‘xtatib qo‘ydi - oktabr-dekabr oyida kompaniya daromadi tahlilchilar baholaridan oshib ketgan (12,8 milliard dollar) bo‘lsa-da, operatsion daromad o‘sish ko‘rsatkichlari 31 foizgacha qisqargan.
















