Jamiyat | 12:00 / 28.02.2018
30982
4 daqiqa o‘qiladi

Oliy toifali shifokor: Gripp – «uch-to‘rt kunda o‘tib ketadigan» kasallik emas (videosuhbat)

Kuz-qish mavsumida aholi o‘rtasida gripp kasalligi keng tarqaladi. Gripp – o‘tkir va tez yuqadigan kasallik hisoblanadi. Uni juda mayda, hatto filtrdan ham o‘tib ketadigan viruslar keltirib chiqaradi. Kasallik keltirib chiqaradigan bu viruslarning A,B,C turlari mavjud. Grippning asosiy manbai kasallikka chalingan inson yoki uni tashuvchilar hisoblanadi. KUN.UZ tahririyati tomonidan o‘tkazilayotgan «Sog‘lom hayot» dasturida ana shu kasallik haqida so‘z yuritiladi. Mavzuga yaqin savollar bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasining oliy toifali shifokori Hilola Hoshimovaga murojaat etdik.

- O‘zbekistonda 2017-2018 kuz-qish mavsumida gripp kasalligi bilan chalinish holati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ko‘proq kuzatilmoqda. Shuni inobatga olib, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika bosh sanitariya markazi tomonidan grippning profilaktikasi yuzasidan dastur ishlab chiqarildi, - deydi Hilola Hoshimova. – Mana shu dastur asosida barcha muassasalar, maktab va bog‘chalarda, aholi zich to‘planadigan joylarda hamda umumiy ovqatlanish shoxobchalarida keng targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. 

Har bir kishi grippning qanday kasallik ekanligini tushungan holda proflaktik tadbirlar olib borishi kerak. Masalan, bolalar bog‘chalarini oladigan bo‘lsak u yerda filtr ishi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan bo‘lishi lozim. Ota-onalar o‘z farzandlarini bog‘chaga olib borishayotganda hamshira va bog‘cha opa sog‘lom bolani qabul qilib olishi kerak. Agar bolada shamollash, gripp va tumov belgilari kuzatilsa, bu bolalarni umumiy bolalar safiga qo‘shish noto‘g‘ri bo‘ladi. Maktablarda ham xuddi shu tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi. Ta'lim dargohlarida xonani shamollatib turish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, jamoat transportlarida ishlaydigan, umuman, jamoat ichida ishlaydigan xodimlar niqoblardan foydalangan holda ishlash talab etiladi. Grippga jiddiy qarash kerak. U xalq tili bilan aytganda «uch-to‘rt kunda o‘tib ketadigan» kasallik emas. Bu kasallik bronx yo‘llariga, o‘pkaga, yurakka, miyaga va buyraklarga har xil asoratlar beradi. Bemorlarda ko‘pincha qon tomirlarining shikastlanishi darajasida turli qon ketishlar ham kuzatilishi mumkin.

Gripp bilan kasallanganda asoratlarining oldini olish uchun imkon qadar zarur chora-tadbirlarni tezlashtirish kerak bo‘ladi. Mahalliy shifokorlar va patronaj hamshiralari uyma-uy yurib, isitmasi bor kishilar bilan ularni alohida ko‘rikdan o‘tkazib, zarur davolash ishlarini olib borishlari kerak. Gripp alomatlari boshlangan bemorlar, albatta, yotishlari kerak. Ularga kerak bo‘lgan miqdorda foydali suyuqliklar, jumladan, vitaminlarga boy sharbatlar ichish tavsiya etiladi. Bu holatda qon aylanishi yaxshilanib, virusdan ajralib chiqadigan zaharli moddalar organizmdan tezroq chiqib ketadi.

Biz kasallikni yurib o‘tkazamiz desak, bu holatda yurak, buyrak va o‘pkalarda tez charchash holati kuzatiladi. Yotoq holatda, ya'ni tana gorizontal holatda bo‘lganda bu organlarda o‘z faoliyatini yaxshi bajarish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Suhbat davomida shifokor Hilola Hoshimova gripp kasalligiga chalingan bemorlar qanday taomlar iste'mol qilishi lozimligi, dorilar iste'moli, bemorlarni parvarishlash haqida ham to‘xtalib o‘tdi va bu kasallikdan saqlanish uchun o‘z maslahatlarini berdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid