Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati biroz avvalroq «Kun.uz» saytida nashr qilingan «O‘qituvchini buxgalterlikdan qutqaring!». Ta'lim tizimi muammolari haqida» sarlavhali maqolaga munosabat o‘laroq raddiya berdi.
So‘nggi paytlarda ba'zi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilarning ish hujjatlari ko‘pligi, hisobotlar to‘ldirish ularning asosiy vaqtini egallayotgani va natijada o‘qituvchi darsga puxta tayyorgarlik ko‘ra olmayotgani to‘g‘risidagi asossiz fikr mulohazalar e'lon qilinmoqda.
Holbuki, Xalq ta'limi vazirligi pedagoglarni turli qog‘ozbozlikdan xalos etish va ularning asosiy ish faoliyatini o‘quvchilar bilan ijodiy ishlashga qaratmoqda.
Xalq ta'limi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklarining 2010 yil 27 maydagi 125-sonli qo‘shma buyruqlariga asosan o‘qituvchi tomonidan 6ta ish hujjati yuritiladi.
1. Yillik ish rejasi. Yil boshida bir marta tuziladi va direktor tomonidan tasdiqlanadi
Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi 275-sonli qaroriga muvofiq, o‘qituvchining yillik ish yuklamasi soatlarining nimalarga, qanday hajmda oyma-oy sarflanishini o‘quv yili boshida vazirlik tomonidan berilgan namuna asosida rejalashtirib olinadi. Rejadagi soatlar asosan darsga tayyorgarlik ko‘rish, daftar tekshirish, sinf jurnalini to‘ldirish, dars kuzatish va o‘quvchilar bilan qo‘shimcha mashg‘ulotlar (haftasiga 2 soatdan yil davomida 68 soat) olib borish ko‘zda tutilgan.
2. Taqvim, mavzu, reja. Yil boshida bir marta tuziladi va direktor tomonidan tasdiqlanadi
Ushbu reja o‘quvchilarga yil davomida ma'lum bir fan bo‘yicha o‘tiladigan mavzularni oldindan belgilab olish uchun tuziladi. Qolaversa ushbu taqvim mavzu rejasi vazirlik tomonidan berilgan namunaviy taqvim mavzu reja asosida bir o‘quv yili uchun bir marta tuziladi.
3. Dars konspekti daftari
O‘qituvchi tomonidan taqvim mavzu rejasiga muvofiq darsga kirishdan oldin (hafta boshlanishida, haftada bir marta bo‘lishi ham mumkin) o‘tiladigan mavzu yuzasidan o‘qituvchi tomonidan 45 daqiqalik darsni qanday olib borishi, nimalar haqida gapirishi, qanday pedagogik texnologiyalar, o‘yinlardan foydalanishi, nima topshiriqlar berishi qisqa tezis shaklida yoziladi. Bu reja parallel sinflar uchun bir marta yoziladi va maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktori tomonidan vizual ko‘rib chiqilib imzolanadi.









