O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi.
Ushbu qaror bozor munosabatlarini keng joriy etish hamda qishloq xo‘jaligida moliyalashtirish va o‘zaro hisob-kitoblar mexanizmlarini tubdan takomillashtirish, shu asosda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar va ularga xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy holatini yaxshilash, rentabelligini oshirish, yetishtirilayotgan mahsulot hajmlari barqaror o‘sishini ta'minlash maqsadida qabul qilingan.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati va «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasining 2018 yil 1 martdan boshlab ishlab chiqaruvchilarning rentabelligi oshishini va yuqori sifatli mahsulotlar yetishtirishni rag‘batlantirishni ta'minlaydigan navlar va klasslar bo‘yicha paxta xom ashyosi va boshoqli don xaridi yuzasidan kafolatlangan davlat narxlarini belgilash, shuningdek, tuproq unumdorligi past va oxirgi 3 yil mobaynida hosildorlik gektariga 15 sentnergacha bo‘lgan yerlarda paxta xom ashyosiga davlat buyurtmasini joylashtirmaslik to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklarining takliflari asosida ushbu bandga muvofiq bo‘shaydigan yerlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini, eng avvalo, ozuqa va moyli ekinlarni joylashtirish, meva-sabzavotchilik va chorvachilik loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida ikki hafta muddatda Hukumat qarorini qabul qiladi.
Qaror bilan
- paxta xom ashyosi va boshoqli don uchun uzil-kesil hisob-kitoblar hosil yig‘ishtiriladigan yilning oxirigacha to‘liq hajmda amalga oshiriladi;
- qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga va avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha sotish uchun dizel yoqilg‘isi va EKO dizel yoqilg‘isining Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yagona chakana narxlari 2018 yil oxirigacha bo‘lgan davrda amal qiladi;
- mineral o‘g‘itlarni sotish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan alohida shartlar hisobga olingan holda birja savdolarida amalga oshiriladi;
















