Namangan viloyatida joylashgan Shahand qishlog‘i nafaqat To‘raqo‘rg‘on tumani yo viloyatda, balki respublika miqyosida ham aholi eng zich joylashgan maskanlardan biri sifatida e'tirof etiladi. Qishloqda 11ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 4ta maktabgacha ta'lim muassasalari, 8ta umumta'lim maktab, 1ta kasb-hunar kolleji, va yagona 29-oilaviy poliklinika aholiga xizmat qiladi.
Kun.uz tahririyatiga kelib tushgan murojaatlarni o‘rganib, bir dam tin oldim. Birdan To‘raqo‘rg‘ondagi ko‘chalarni aylanib ko‘rishga jahd qildim. Mahallada ulg‘aygan bolalar odob bilan notanish jurnalistga salom berib o‘tishardi. Ko‘cha boshida gurung qilib turgan qariyalar esa xotirjam yo‘ldagi mashinalarning shovqinini kuzatib o‘tiribdi. Ayrim xonadonlarda ta'mirlash, boshqasida uy yumushlari bilan ovora yigitning qorasi ko‘rindi.
Sal ichkariga kirib borishim bilan ko‘z oldimda fashistlar Germaniyasi toptab o‘tgandek, «mung‘ayib qolgan» 29-oilaviy poliklinika «qaddi bukchayib turibdi». Hech bir yolg‘onsiz aytamanki, shifoxona faoliyat ko‘rsatmaydi, shuning uchun bino qarovsiz qolgan, deb xayol qildim. Biroz o‘tib, ichkaridan bemor chiqib, ko‘chada kutib turgan akasining yoniga bordi. Qiziqishim ustunlik qilib, «bu yer qanday joy», deb so‘radim.
«Qishlog‘imizdagi yagona poliklinika», deb javob berdi notanish bemor.
Negadir uning so‘zlarida zarda va alam ham bor: og‘riq kuchlilik qilgandir. Ammo, shifoxonaga kirib bildimki, hamma gap boshqa yerda! Bilmadim, bu yerni kishilar shifo topadigan maskan deb atasa bo‘ladimi?! Yo mutasaddilar tomonidan unutib qoldirilgan, ta'mirlanishi kutib turgan poliklinikami?
Yakshanba kuni bo‘lishi qaramay, shifokorlar ulkan chidam bilan ishlamoqda. Asosan patronaj xonadonlarga qatnab, xalq sog‘lig‘ini tiklashga o‘rgangan tibbiyot xodimlari bir hafta qilgan ishini qog‘ozga ko‘chirib o‘tirishga ham majburligiga guvoh bo‘ldim. O‘qituvchilar yakkalanmaydi, xayriyat, ularga sherik topilibdi, deb piching qilgim keldi.















