2017 yilgi ma'lumotlarga ko‘ra, Gruziyada 3,8 milliondan ortiq aholi yashaydi. Biroq mamlakatga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni mahalliy aholidan ikki baravar ko‘p. O‘tgan yili bu raqam 7,6 million kishini tashkil etgan. Turizm sanoati ortidan tushgan pullar esa 14 milliard AQSh dollariga teng qiymatda baholangan Gruziya YaIM 7,5 foizini tashkil qiladi. Buning siri nimada?

Eng avvalo, “Gruziyaga sayohat” jumlasi yangrashi bilan har kimning ko‘z oldiga tog‘oldi kurortlar keladi, Botumi, Kaxetiya kabi oromgoh va sihatgohlarga boy shaharlar, gruzin xalqining sevimli hinkali, shashlik, ajaxuri va hachapuri kabi milliy taomlari, albatta gruzin vinosi va raqsi unutilmas lahzalarni baxsh etadi.

Ammo, bu “katta sir”ning barchasi emas. Ma'lum bo‘lishicha, Gruziya turizm sanoatini qisqa muddatlarda jadallik bilan rivojlantirdi. Maqolada sayyohlarga taklif etilayotgan mamlakatga vizasiz kirish rejimi yo turfirmalarning rang-barang aksiya, chegirmalari haqida yozmoqchi emasman. Shunchaki, poytaxt Tbilisidagi xalqaro aeroportdan chiqqan har bir sayyoh uni kutib turgan yurtga kelganini his qilishini ta'kidlash yetarli bo‘lsa kerak.

Foto: Wikipedia
Foto: Wikipedia

Barcha gap aholining jamoat joyida o‘zini tutishi va cheklovlar maksimal darajada pasaytirilganida. Kishilar juda muloyim, deyarli barcha yoshlar ingliz tilida so‘zlasha oladi. Sobiq Sovet davrida tahsil olgan yoshi katta gruzin xalqi rus tilida ravon gapiradi. Ta'kidlash joizki, bu yerda ozarboyjon, arman, turk, fors, lezgin, rus va slavyan xalq vakillari ham yashaydi.

Tbilisi shahrida bironta ham bino atrofida panjara yoki to‘siq ko‘rmaysiz: kishilar binoga old eshikdan kirib, chiqadi. Bu juda oddiy. Sayyohlar uchun jamoat transportida harakatlanish juda qulay, shuning uchun elektronlashgan to‘lov tizimi yaratilgan. Va barcha joyda suratga tushish, aholi bilan muloqot qilish imkoniyati bor. Hatto Gruziya Oliy sudi binosida ham.