Jamiyat | 14:52 / 06.03.2018
26356
4 daqiqa o‘qiladi

Yunusobod tumani hokimligi KUN.UZ saytida e'lon qilingan maqolaga o‘z munosabatini bildirdi

KUN.UZ saytida “Uyi bo‘lib uysiz qolgan jabrdiydaning boshidan kechirganlari” sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Unda Yunusobod tumani, “Billur” MFY, 4-mavze, 34-uy, 46-xonadonda yashab kelgan To‘lqin Hasanov oilasi bilan istiqomat qilib kelayotgan xonadondan ko‘chishga majbur bo‘lganini ta'kidlab, ushbu muammoni jamoatchilik e'tiboriga havola qilishni so‘ragan edi.

Foto: F.Esonboyev/Kun.uz

Yunusobod tumani hokimligi yuristi F.Esonboyev taklifiga ko‘ra, mazkur maqolaga hokimlik munosabati va raddiyasi bilan tanishish maqsadida muxbirimiz tuman hokimligiga bordi.

Farxod Esonboyevning ma'lum qilishicha, maqolada yozilganidek, ushbu fuqaro Yunusobod tumani 4-mavze, 34-uy, 46-xonadonda hech qanday hujjatsiz yashab kelgan. Tuman hokimligi huzurida tuzilgan Ishchi guruhga taqdim etilgan va “Billur” MFY raisi A.Rahmatov, uchastka noziri, shirkat raisi, uy boshlig‘i va boshqalar tomonidan imzolangan dalolatnoma ham buni tasdiqlaydi. Unga binoan, T.Hasanovning mazkur xonadonga nisbatan mulk huquqini tasdiqlovchi yuridik kuchga ega bo‘lgan hujjati mavjud bo‘lmagan. 

Shundan so‘ng, Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 21 iyundagi “Egasiz turar joylarni aniqlash, ularni hisobga olish va davlat mulkiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori va O‘zbekiston Fuqarolik kodeksining 1157-moddasiga asosan Yunusobod tumani hokimining 2017 yil 3 yanvardagi №02-f sonli farmoyishi chiqarilgan. Ushbu farmoyishga taqdim etilgan ilova asosida ushbu xonadon ham davlat mulkiga o‘tkazilgan. 

Foto: To‘lqin Hasanov/Kun.uz

2017 yil 6 aprelda fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi, ochiq sud majlisida Yunusobod tumani 4-mavze,34-uy, 46-xonadonda noqonuniy yashab kelayotgan T.Hasanov va uning oila a'zolari uy-joy bermasdan ko‘chirilishiga doir qarorini chiqargan. Shundan so‘ng, Toshkent shahar hokimining 2017 yil 10 apreldagi №394-sonli qarori bilan xonadon Toshkent shahar IIBB nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Sud qarori kuchga kirganidan so‘ng, uning ijrosi barcha davlat hokimiyati organlari va fuqarolar uchun majburiyligi inobatga olinsa, ushbu xonadonda yashab kelayotgan oilaning ko‘chirilishi ham noqonuniy emasligi oydinlashadi. Qolaversa, xonadon bo‘yicha keyingi da'vo arizalarini ko‘rib chiqqan sud hay'atlari ham ilk qarorni tasdiqlashgan.

Bundan tashqari, F.Esonboyev T.Hasanovga tegishli bo‘lmagan, hatto uning nomiga rasmiylashtirish uchun birorta asos bo‘lmagan xonadonni har qanday holatda ham uning nomiga rasmiylashtira olmasligini, buning uchun vakolatga ega emasligini ta'kidladi hamda Hasanovning o‘ziga nisbatan ilgari surgan ayblovlarini rad etdi. Esonboyevning aytishicha, u qonun doirasida belgilangan va bajarishi lozim bo‘lgan xizmat vazifalarini bajargani Hasanovda norozilik keltirib chiqargan. Ayni holat esa, qonun talabini ijro etmaslikka asos bo‘la olmaydi.

Shu bilan birga, biz mustaqil tarzda tuman hokimligining tegishli mutasaddi xodimlari va tashkiliy nazorat guruhi vakillari bilan suhbatlashib, F.Esonboyev haqida so‘radik. Ular hamkasblari haqida iliq fikrlar bildirib, ijobiy xulosalar taqdim qilishdi.  

Mavzuga oid