O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi, sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari)ning:
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligini (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb yuritiladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilindi.
Qo‘yidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari etib belgilandi:
jismoniy tarbiya va sport sohasida aholining keng qatlamlarini sport bilan shug‘ullanishga va sog‘lom turmush tarzini yuritishga jalb etish, jismonan sog‘lom o‘sib kelayotgan avlodni tarbiyalash, sport industriyasi va infratuzilmasini rivojlantirish, oliy sport mahorati sohasida mamlakatimizning xalqaro sport maydonida munosib ishtirokini ta'minlashga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
vazirliklar va idoralar jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari hamda klublarining faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, respublika maktabgacha ta'lim muassasalari, umumta'lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi va oliy ta'lim muassasalari jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va instruktorlari faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirish;
mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari, ta'lim muassasalari, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishni ommalashtirish borasida keng ko‘lamli ishlarni tashkillashtirish;
bolalarni sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishga jalb etish, bolalar sport ta'limi sifatini oshirish, barcha hududlarda, ayniqsa, qishloq va chekka hududlarda bolalar sporti obektlari tarmog‘ini yanada kengaytirish orqali bolalar sportini yanada rivojlantirish;
Olimpiya, Paralimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo chempionatlari va boshqa xalqaro musobaqa va turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirokni ta'minlash uchun istiqbolli sportchilarni tanlash, tayyorlash va mahoratini oshirishning, ular orasidan mamlakat terma jamoalari sifatli sport zaxirasi va tarkibini shakllantirishning samarali tizimini yaratishda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) bilan hamkorlik qilish;

















