Bugun Yevropa Chempionlar Ligasi nimchorak finalida javob o‘yinlari boshlanadi. «PSJ» o‘z maydonida «Real»ni qabul qilsa, «Liverpul» «Portu»ga mezbonlik qiladi. Inglizlar dastlabki o‘yindagi yirik hisob tufayli, keyingi bosqich masalasini amalda hal qilishgan. O‘sha o‘yinga aloqador faqat bir narsani aytish mumkin – Yurgen Klopp bu o‘yinga barcha asosiy futbolchilarini tushirishga va'da bergan. «Liverpul» shanba kuni «Old Trafford»ga safar qilishi ham, bugungi o‘yin aslida shunchaki rasmiyatchilik maqomida ekani ham nemis murabbiyiga ahamiyatli emas, «Liverpul» o‘z muxlislari uchun o‘ynashda davom etadi.

E'tiboringizga, nafaqat kunning, turnirning markaziy to‘qnashuvi haqidagi mulohazalarni havola qilamiz.


ISPAN-FRANTsUZ TO‘QNAShUVI
Taqdir xazilini qarangki, YeChL ning markaziy o‘yinlaridan birida ispan jamoasi fransuz murabbiyi qo‘l ostida, fransuz jamoasi esa, ispan murabbiyi qo‘l ostida kurashga kirishishgan.

Har ikki jamoaning ichki chempionatdagi holati solishtirilsa, ta'qibchilardan  juda katta farqda o‘zib ketgan «PSJ» va «Barselona»dan 15 ochko ortda qolib, chempionlikdan umidini uzgan «Real»ning holati butunlay farqli ko‘rinsa-da, aslida o‘xshashliklar bor. Umumiylik shundaki, Unai Emeri uchun ham, Zayniddin Zidan uchun ham bu to‘qnashuv mavsumni qutqarib qolish uchun oxirgi imkoniyatlardan birinchisidir.

Ha, rostan ham, agar Emeri «PSJ»ni Yevropa Chempionlar Ligasida so‘nggi bosqichlargacha olib bora olmasa, Fransiyadagi barcha sovrinlarni yutishidan qat'i nazar, mavsumni yomon yakunlagan bo‘lib chiqadi. Chunki shundoq ham, «PSJ» fransuz jamoalariga nisbatan bir necha barobar ko‘proq moliyaviy imkoniyatlarga ega va o‘tgan yozda Neymar, Mbappe kabi top-futbolchilarni ham o‘z safiga qo‘shib oldi. Bularning hammasi aynan Yevropaning eng katta turnirida g‘alaba qozonish bo‘lgani va murabbiyga bundan kam vazifa qo‘yilmasligi turgan gap.

Madrid muhitini yaxshi biladigan muxlis esa, Zidanga ham havas qilmayotgan bo‘lsa kerak. Bu yerda har qancha sovrinlarni yuting, farqi yo‘q, siz oxirgi o‘yinda, oxirgi mavsumda, ya'ni hozir yomon ahvoldamisiz, demak sizni kechirishmaydi. Zayniddin Zidan qisqa vaqt ichida «Real» tarixida o‘chmas iz qoldirdi, qatorasiga ikki marta Chempionlar Ligasini yutdi, Ispaniya chempioni bo‘ldi, ammo hozir iste'fo yoqasida turibdi. La Liga va Ispaniya kubogi uchun da'vogarlikdan chiqib ketib bo‘lgan «Real» uchun yagona yupanch aynan mana shu turnir ekani hech kimga sir emas.