Jahon | 10:00 / 08.03.2018
140980
3 daqiqa o‘qiladi

«Rossiya bo‘lmasa, bunday dunyoning nima keragi bor?». Putin yadro quroli qo‘llashdan qaytmaydi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin jurnalist Vladimir Solovyovning «Jahon tartibi 2018» filmi uchun intervyusida Rossiya yadro qurolini javob-qarshi zarbasi sifatida qo‘llashi mumkinligini aytib o‘tdi. 

«Bu mavzuga keladigan bo‘lsak, u, albatta, juda muhim, o‘ta muhim. Sizga shuni aytishim mumkinki, bizning qo‘llash rejamiz – bu javob zarbasi bo‘lishi mumkin. Umid qilamanki, bu hech qachon yuz bermaydi, biroq nazariy jihatdan shunday.

Bu raketa hujumi haqida ogohlantirish tizimimiz nafaqat raketa uchirilgani, balki parvoz trayektoriyasi va qismlar Rossiya hududiga qulashining aniq prognozini berganidan keyingina yadro qurolini ishlatish haqidagi qaror qabul qilinishini anglatadi.

Ya'ni, kimdir tomonidan Rossiyani yo‘q qilish haqida qaror qabul qilinsa, Rossiya ham bunga javob berishga haqli bo‘ladi», — dedi Putin.

Rossiya prezidenti bunday holat dunyo uchun global falokatga aylanishi mumkinligini ta'kidlab o‘tdi.

«Ammo, Rossiya fuqarosi va ushbu davlat rahbari sifatida savol bermoqchiman: agar dunyoda Rossiya bo‘lmasa, bunday dunyoning bizga nima keragi bor?», — deya yuzlangan Putin.

Putin ilk yadroviy bomba AQShda paydo bo‘lganini eslab o‘tgan. U SSSR amerikaliklar hukumatidan farqli ravishda hech qachon yadro qurolini qo‘llamaganini qayd etib o‘tgan. 

«Ko‘plab ekspertlar AQSh 1945 yili Yaponiyada yadroviy zarba berishiga zarurat bo‘lmaganini ta'kidlashadi. Bu yana takrorlanmasligiga kafolat bormi?», —deydi Putin.

Vladimir Putin 1 mart kuni Federal majlisga murojaat chog‘ida ikkita yangi jangovar raketani namoyish etgandi. O‘shanda ham u Rossiya o‘z ittifoqchilariga yoki o‘ziga tahdid sezilsa, Rossiya yadro quroli qo‘llashdan qaytmasligini ma'lum qilgandi. 

«Bizni yadroviy qurolni qo‘llashga majburlay oluvchi ikki sabab bor: yadroviy qurol qo‘llagan holda yoki oddiy qurol bilan Rossiyaga hujum qilish. Oddiy qurol qo‘llangan holda hujum vaziyatida Rossiya mavjudligiga tahdid bo‘lsagina yadroviy qurol qo‘llanadi. Javobimiz o‘ta yomon oqibatlarga ega bo‘ladi», — deya va'da qilgandi u.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid