O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan Nilufar Maripova shikoyat yozib, sudlov hukmi bilan o‘ziga qo‘yilgan “o‘ta xavfli retsidivist” atamasini chiqarishni so‘ragan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov ma'lum qilmoqda.

Aniqlanishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Shayxontohur tuman sudining 2016 yil 17 oktabrdagi hukmiga ko‘ra N.Maripova O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25- (jinoyatga suiqasd) va 169-moddasi (o‘g‘irlik) 3-qismi “a” bandi bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, JKning 34-moddasi 3-qismi “b” bandiga asosan o‘ta xavfli retsidivist, deb topilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasi 2016 yil 11 noyabrdagi ajrimi bilan mazkur hukmni o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Sud 1986 yilda tug‘ilgan, oilali, ikki nafar farzandi bor ayolga nisbatan chiqargan og‘ir hukmini N. Maripovaning bir necha marotaba  sudlangani bilan asoslagan.

Darhaqiqat, N.Maripova muqaddam uch marotaba o‘g‘irlik qilishga suiqasd qilib, har safar jinoyatini oxiriga yetkaza olmay ushlanib sudlangan:

2008 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Chilonzor tuman sudining 29 apreldagi hukmiga ko‘ra JKning 25  va 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga shartli hukm qilinib, 1 yil sinov muddati belgilangan;

yana 2008 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudining 15 sentabrdagi hukmiga ko‘ra unga JKning 25 va 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 5 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, 2010 yil 28 avgustdagi amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilingan;

2013 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 1 iyuldagi hukmiga ko‘ra JKning 25 va 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga shartli hukm qilinib, 2 yil sinov muddati belgilangan, 2013 yil 12 dekabrdagi amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilingan.

Jinoyat ishi Oliy sudga chaqirib o‘rganilganda N. Maripova shikoyatida keltirgan o‘ta xavfli retsidivist atamasining noto‘g‘ri qo‘llanishidan tashqari boshqa holatlar ham aniqlandi. 

Darhaqiqat, N. Maripova 2014 yil 12 may kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi “Korzinka-Qoratosh” supermarketiga xaridor sifatida kirib,  savdo rastasidan jami narxi 407 930 so‘mlik mollarni o‘g‘irlashga harakat qilgan vaqtida ushlangan.

Dastlabki tergov tomonidan N. Maripova supermarketdan 407 930 so‘mni tashkil qilgan mulklarni o‘g‘irlaganlikda aybli deb topilgan.