Biror bir partiyaning a'zosi emasman. Ochig‘i, bunga ehtiyojim bo‘lmagan. Biroq, jurnalist sifatida, partiyalar faoliyatidan ozmi-ko‘pmi xabarim bor. Maqsad-vazifalari (ular bir-biriga o‘xshab ketsa-da) nimalardan iborat ekanini bilaman. Partiyalarning dasturlari, Saylovoldi Platformalari bilan tanishman.

Bugun deputatlarimiz faoliyatida bir oz jonlanish sezilayotganday. Biroq Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta'kidlangandek, «parlamentimiz faoliyati ko‘p hollarda shunchaki rasmiy yig‘ilishlardan iborat bo‘lib qolmoqda».

Davlatimiz rahbarining «Nima uchun aniqlangan muammolar yoki saylovchilar ko‘tarayotgan masalalar tegishli qonunlar qabul qilish yo‘li bilan yoki ijro hokimiyati oldiga masalani qat'iy qo‘yish bilan hal etilmayapti?» – degan savoli hamon javobsizdek nazarimda.

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2017 yil 4 sentabrda qabul qilingan «Innovatsion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori bo‘yicha hukumatga kiritilgan deputatlik so‘rovi inobatga olindi. «Avtotest-Report» MChJning monapol huquqi bekor qilindi. Xalq noiblarining bu harakati ijtimoiy tarmoqlarda olamshumul qahramonlik sifatida olqishlandi.

O‘zbekiston tarixida birinchi bor Vazirlar Mahkamasi qarori yuzasidan kiritilgan deputatlik so‘rovi aslida ham qahramonlik edi.

Yaqinda O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining Toshkent shahar Yunusobod tuman kengashi tomonidan a'zolikka taklif etildim. Bu meni quvontirdi. Chunki millatimiz ziyolilarini o‘z atrofida birlashtirgan partiya a'zolari safida zabardast shoir va yozuvchilar, jurnalistlar, ilm-fan namoyandalari, madaniyat va san'at ahli borligini yaxshi bilaman.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasining Ustavi va Dasturi, Saylovoldi Platformasini qayta-qayta o‘qib chiqdim. Partiyaning dasturiy maqsad-vazifalari bilan tanishish asnosida Prezidentimizning bir savoli yodimga tushdi: «Qachon parlament, mayli, ko‘p emas, hech bo‘lmasa bitta sohani tubdan yaxshilashga qaratilgan qaror yoki qonun ishlab chiqadi? Qachon bo‘ladi bu ish?»

«Milliy tiklanish»ning Saylovoldi Platformasida «davlat tilini boyitish va yanada takomillashtirishga, til madaniyatini, o‘zaro muomala sifatini yuksaltirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqish, ommaviy muomalada o‘zbek adabiy tili me'yor va qoidalarining buzilishini oldini oladigan aniq maqsadli ishlarni olib borish» dasturiy vazifasi belgilangan.