Nishon ishi: pasportlar sud tomonidan qaytarib berildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudi yaqinda keng joriy qilingan an'anaga ko‘ra sayyor tartibda Qarshi tumani “Kaxlak” qishloq fuqarolar yig‘ini binosida er-xotin Ibroxim va Saboat Saliyevlarni O‘zbekiston Respublikasi JK 228-moddasi 2-va 3-qismlari bilan ayblash haqidagi jinoyat ishini ko‘rib chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, tergov organi tomonidan Tojikistonning Regar tumanida tug‘ilgan I. Saliyev va S. Saliyevalar qishloq fuqarolar yig‘ini daftariga soxta yozuv kiritib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportlarini asossiz olishib, foydalanib kelganlikda ayblangan.
Sudda I. Saliyev va S. Saliyevalar aybga iqror bo‘lmasdan, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishni xohlaganliklari sababli, 1991-yilda Qashqadaryoga bolalari bilan ko‘chib kelib yashaganliklari, O‘zbekiston pasportini qonuniy olganliklari, o‘zlarini O‘zbekiston fuqarosi, deb hisoblashlarini bildirishib, ishni adolatli ko‘rib chiqishni va O‘zbekiston fuqarolik pasportlarini qaytarib berishni so‘rashdi.
Sudda so‘ralgan aksariyat guvohlar I. Saliyev va S. Saliyevalarni qishloqda hamma yaxshi tanishi, 1991 yildan Ibroxim-aka Qarshi shahridagi UMS-4 tashkilotida ishchi, Saboat-opa esa “Lola” bolalar bog‘chasida enaga bo‘lib ishlashi, farzandlari shu yerdagi 38-maktabda o‘qishgani, qishloq aholisi bilan uzoq vaqt ahl-inoq bo‘lib yashab kelganliklarini bayon qilishdi.
Sud viloyat IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi vakili Saliyevlarni O‘zbekiston fuqaroligi pasportini qonunga zid ravishda olishgan deb xulosa bergan bo‘lsada, tergov organi holatlarni sinchkovlik bilan va xolisona tekshirib chiqmasdan turib sudlanuvchilarga ayb e'lon qilgan va bu bilan barcha uchun majburiy bo‘lgan aybsizlik prezumptsiyasi talablari buzilgan deb topdi.
Sudning 2018 yil 15-yanvar kungi hukmi bilan sudlanuvchilar I. Saliyev va S. Saliyevalar oqlandi, ularni qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha reabilitatsiya qilish, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportlarini ularga qaytarish belgilandi.
Shuningdek sud dastlabki tergovda yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishlarini bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik, fuqarolarning huquqlariga e'tiborliroq bo‘lish choralarini ko‘rish uchun Qashqadaryo viloyat IIB Tergov boshqarmasi nomiga xususiy ajrim chiqardi.
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
08:48 / 09.11.2024
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi qarzni sudda undirishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi
19:12 / 31.10.2024