Jahon | 08:44 / 16.03.2018
15126
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh, Britaniya, Fransiya va Germaniya “Skripal ishi” bo‘yicha yagona pozitsiyada

Foto: Li Muzi / Xinhua / ZUMA / TASS

AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya yetakchilari Rossiyaning sobiq razvedkachisi Sergey Skripal va uning qizining Solsberida zaharlanishiga “nafrat bilan qarashadi”. Bu haqda Germaniya kansleri matbuot kotibi Shtefan Zibert tomonidan tvitterda e'lon qilingan qo‘shma bayonotda aytilgan.

Bayonot mualliflari Skripalga qarshi Rossiyada ishlab chiqarilgan jangovar zaharli moddaning qo‘llanishini Ikkinchi jahon urushi vaqtlaridan beri Yevropada bunday kimyoviy moddaning ilk bor qo‘llanishi deb hisoblamoqdalar. “Bu Britaniya suverenitetiga tajovuzdir va bir davlat tomonidan bu xatti-harakat kimyoviy qurolni taqiqlash konvensiyasi va xalqaro huquqning to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzilishidir. Bu barchaning xavfsizligiga tahdid soladi”, deb aytilgan bayonotda. 

Buyuk Britaniya o‘z ittifoqdoshlariga ushbu hujum uchun katta ehtimollik bilan Rossiya javobgarligini aytgan. “Biz Britaniyaning ushbu hujum uchun boshqa haqiqatga yaqin tushuntirish yo‘qligi haqidagi fikriga qo‘shilamiz. Rossiyaning Britaniya hukumatining qonuniy murojaatiga javob bera olmasligi uning bu hujumga javobgarligini yana bir bor tasdiqlaydi”, deb aytilgan bayonotda. Shu munosabat bilan AQSh, Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya “Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkilotidan Rossiyaning “Novichok” dasturini to‘liq oshkor qilishni” talab qildilar.

Taxminlarga ko‘ra, kimyoviy zaharlovchi moddalar ishlab chiqarish bo‘yicha “Novichok”  maxfiy dasturi sobiq ittifoqda 1970-1980-yillarda mavjud bo‘lgan. Uning doirasida o‘sha vaqtda ma'lum bo‘lgan zaharlardan ancha kuchliroq kimyoviy qurol ishlab chiqilgan.

Biroq ushbu dastur doirasida ishlab chiqilgan kimyoviy moddalarning sobiq ittifoq va Rossiya arsenalida mavjudligining rasmiy tasdig‘i yo‘q. Dastur haqida asosan sobiq ittifoqda kimyoviy qurol ishlab chiqish bilan shug‘ullangan mutaxassislardan birining hikoyalaridan ma'lum. Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti 2011 yilda ushbu dastur mavjudligining bundan boshqa isbotlari yo‘qligini ma'lum qilgan.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Meyning ta'kidlashicha, Skripalning zaharlanishida aynan shu dastur doirasida yaratilgan asab-falajlovchi modda qo‘llangan. 

Skripal Rossiyada josuslikda ayblanib, “josuslarni almashish” doirasida Buyuk Britaniyaga topshirilgan.

Mavzuga oid