Sport | 15:30 / 19.03.2018
7246
2 daqiqa o‘qiladi

Sergey Kovalyov navbatdagi jang bo‘yicha kelishuvga erishdi

Foto: Eurosport

2013 yilgi jahon chempioni, WBO kamari sohibi Sergey Kovalyov amerikalik Markus Braunga qarshi jang o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Boxingscene ma'lumotiga ko‘ra, Yarim og‘ir vaznda (79,38 kg) jahon chempioni kamari uchun 12 raundlik jang o‘tkazish bo‘yicha kelishuv 18 mart kuni imzolangan.

Jang Nyu-Yorkdagi «Medison Skver Garden»da o‘tkaziladi. Hozircha jang sanasi aniq emas – ayrim manbalarga ko‘ra, bokschilar 23 iyun kuni ringga chiqishadi.

Ayni vaqtda 34 yoshda bo‘lgan Sergey Kovalyov 2017 yil noyabrida Andre Uord faoliyatini yakunlaganidan keyin bo‘sh qolgan WBO kamari yo‘lida ukrainalik Vyacheslav Shabranskiy bilan jang qilib, g‘alaba qozongandi. U mart oyi boshida rossiyalik Igor Mixalkinga qarshi ringga chiqdi va 7-raundda texnik nokaut bilan g‘alaba qozonib, kamarini himoya qildi.

Kovalyov professional ringdagi faoliyati davomida 32 g‘alabaga erishgan (shundan 28tasi nokaut bilan), 2 marta mag‘lub bo‘lib (ikkisida ham Uordga yutqazgan) va bir marta durang hisob qayd etilgan.

27 yoshli Braun 21 jang o‘tkazib, barcha jangda g‘alaba qozongan, 16 marta raqibni nokaut qilgan.

Bundan avvalroq Braun moliyaviy shartlar to‘g‘ri kelmagani tufayli Kovalyov bilan jang o‘tkazishga rozi bo‘lmagandi.

Ma'lumot uchun, Sergey Kovalyovni ayni vaqtda o‘zbekistonlik murabbiy Abror Tursunpo‘latov shug‘ullantirmoqda.

Mavzuga oid