Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandning Past Darg‘om tumanida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida haqli ravishda Xitoy mo‘'jizasining muallifi hisoblanuvchi Den Syaopinni ko‘proq o‘qishni tavsiya qilgandi. Davlat rahbari Xitoy qanday qilib rivojlanish sohasida inqilob qilgani borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgandi. Quyida ushbu yirik islohotchi haqidagi ayrim ma'lumotlarni taqdim etamiz.

Xitoyning so‘nggi yutuqlari Den Syaopinning nomi bilan bog‘lanadi, siyosiy kursda esa Qayta qurishning muqobil tarixini ko‘rishadi. U davlat rahbari sifatida faoliyat yuritmagan, biroq 1970-yillar oxiridan to 1990-yillar boshigacha Xitoyni boshqargan hisob.

Frantsuz davri

Foto: © wikipedia.org

Hayot yo‘li bolalikdan boshlanadi, deb to‘g‘ri aytishadi. Yosh Den Syanshen bilan ham shunday bo‘ldi. U 1904 yilda zamindor Den Venmin oilasida dunyoga keldi. Uning otasi o‘g‘liga sifatli ta'lim berishga harakat qilgan va uni Chuntsinning eng yaxshi maktablaridan biriga joylagan. 1919 yilda Den eng faol o‘quvchilar qatorida Fransiyaga o‘qish uchun yo‘l olgan. Yosh xitoy ziyolisi Fransiyaga borib, biroz qiynalgan. Otasi bergan pullar yetmay, ishlashiga to‘g‘ri kelgan, biroq Fransiyada inqiroz davri bo‘lib, xitoyliklarni sharoiti yaxshi bo‘lmagan ishlargagina olishardi. Den qora ishchi, chilangar, ofitsiant bo‘lib ishlagan. Bu murakkab davr unga yangi ism olib kelgan – Syaopin. Aynan Fransiyada Syaopin kapitalizm «ajoyibotlari»ni ko‘rib, kommunizm sari ilk qadamini tashlaydi - 1924 yilda u Fransiyadagi Xitoy kommunistik guruhiga qo‘shiladi.

Ivan Dozorov

Tez orada «xavfli kommunistik agitator»ga ko‘z tikkan Fransiya hukumati ta'qibidan qochib, Den o‘qishini Moskvada davom ettirishga qaror qiladi. U yerda Sun Yatsen nomidagi Xitoy mehnatkashlari universitetiga o‘qishga kiradi. Konspiratsiya sifatida talabalik guvohnomasini Ivan Sergeyevich Dozorov nomiga oladi. Bu yerni Yevropa bilan taqqoslaganda farq juda katta edi - hammasi bepul. Mamlakat iqtisodiy o‘sishni boshdan kechirayotgan vaqtlar - yangi do‘konlar, restoranlar va boshqa ish joylari ochilayotgan davr. Talabalar uch mahal yaxshi ovqatlanishgan - go‘sht, baliq, sut, tuxum doimiy menyuda bo‘lgan, hatto ikra ham berishgan. Keyinchalik aynan shu ijobiy taassurotlar Syaopinning «Xitoy mo‘'jizasi»ga zamin bo‘ladi. Syaopin keyinroq bu haqida shunday xotirlaydi: «Men Rossiyaga eng avvalo qat'iy tartibga rioya qilishni o‘rganish hamda kommunistik bilimga ega bo‘lish, o‘z g‘oyalarim va xatti-harakatlarimni to‘liq kommunizatsiyalashtirishga kelgandim».