Qashqadaryo viloyatiga xizmat safarimiz chog‘ida Koson tumani fermerlari bilan uchrashdik. Ular tuman elektr ta'minoti korxonasi suv nasoslaridan foydalanganlik uchun katta miqdorda noreal qarzdorlik hisoblab, ularning zimmalariga yuklayotganidan shikoyat qilishdi. 

“O‘zbekiston fermerlar uyushmasida 500 gektar nasos orqali suv chiqariladigan yer maydoni mavjud. Shu hududdan foydalanadigan fermerlar 35-40 kishi bo‘lsak, bizlarga tuman elektr ta'minoti korxonasi energiya iste'moli bo‘yicha katta miqdorda qarzdorlik qo‘ymoqda. Bormagan joyimiz qolmadi. Nasoslar 50-70 yildan beri almashtirilmagan, ya'ni energiya tejamkor emas. Elektr ta'minoti korxonasi biror marta ularni ta'mirlab bermagan. Barchasini fermerlar pul yig‘ib, o‘zimiz sozlatamiz. Oqova suvlar to‘planadigan zovurni ham o‘zimiz pul yig‘ib tozalatamiz, qazdiramiz.”, - deydi fermerlardan biri. 

Koson tumanining O‘zbekiston fermerlar uyushmasidagi fermerlar muammolaridan yana biri shuki, ular ekinlarini oqar ariq suvidan sug‘orish imkoniga ega emas. Ularning aytishlaricha, 500-600 gektar yer maydoni zovur suvidan, ya'ni sug‘orilishda foydalanilgan oqova suvdan sug‘oriladi. 

“Meni qarzdorligim 2 yil uchun 48 mln yozilgan. Men hisoblab chiqsam 2 yilga 4-4,5 mln so‘m chiqyapti. Virtual qabulxonaga ham chiqdim, Bosh prokuraturaning ishonch telefoniga ham qo‘ng‘iroq qildim. U yerdan ham, MIBdan ham javob kelyapti, biz hech narsa qilolmaymiz, degan mazmunda. Murojaat qilmagan joyim qolmadi. Hammasi yerga qaraydi. Bilmaymiz, deydi. MIB esa, aka to‘lab qo‘ying, boshqalarga ham ayting, to‘lashsin, deydi”, deya hasratini aytadi “Doston Hamdamov” fermer xo‘jaligi rahbari.

“Meni fermerligim hisobiga yozilgan qarzdorlik 81 mln so‘m”, deya suhbatga aralashadi yana bir fermer. “Menga yozilgan qarzdorlik 87 mln so‘m. 30 gektar yerga paxta va g‘alla ekaman. Hali bunaqa daromad ko‘rmaganman. Boshqa tashkilotlarga to‘laydiganlarimizdan tashqarisi shuncha”, -deydi boshqa suhbatdosh.

Yana bir fermer “men o‘zim shu yilning hisobidan 10 mln so‘m elektr energiyasi uchun pul o‘tkazdim. Yana 64 mln so‘m qarzim qolgan. Qarzimdan qutula olmasam kerak”, - deya arz qiladi.