O‘zbekiston superligasining 4-turidan o‘rin olgan AGMK va «Lokomotiv» uchrashuvi qoldirilgach, Tribuna.Uz nashri mazkur vaziyatdagi tushunmovchiliklar sabab maqola yozgandi. Ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston professional futbol ligasi superligadagi o‘zgarishlarga izoh berdi va taqvimning o‘zgargan so‘nggi variantini taqdim etdi.

O‘zbekiston Superligasi taqvimidagi birinchi o‘zgarish FIFA kunlari sabab ro‘y berdi. Milliy terma jamoa murabbiylari shtabi «Lokomotiv» hamda «Paxtakor» klublaridan uch nafardan ziyod futbolchini Marokashga olib ketgach, mazkur jamoalar Reglamentda ko‘rsatilgani bo‘yicha o‘yinlar vaqtini o‘zgartirishni so‘rab, PFLga murojaat qilishdi.

To‘g‘ri, Marokashga qarshi bellashuv bo‘lib o‘tishi dekabr oyidayoq ma'lum bo‘lib ulgurgandi. Ammo unda milliy terma jamoa murabbiylar shtabi terma tarkibiga qaysi klubdan kimlarni jalb etishi ma'lum emasdi. PFL esa murabbiylar nomidan ish tutib, taxminiy taqvimni tuzib chiqa olmaydi.

Keyinroq O‘FA Urugvayga qarshi o‘rtoqlik o‘yini masalasida ham kelishuvga erishdi. Ungacha esa may oyida JCh-2018 ning yana bir ishtirokchisi Eronga qarshi uchrashuv o‘tkazish hal etilgandi. Mazkur o‘yinlar FIFA kunlariga to‘g‘ri kelmaydi. Demak, taqvimda o‘zgartirish qilishga ehtiyoj bor.

Bunda bir jihatga e'tiborni qaratish lozim. O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘rtoqlik o‘yinlari bo‘yicha kelishuvga erishgan raqiblarning barchasi Rossiya mundialida ishtirok etadi. Ularga qarshi o‘yinlar birinchi galda futbolchilarga mahorat  maktabi vazifasini o‘tab beradi. Qolaversa, O‘FAning xalqaro maydondagi imidjiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Shundan kelib chiqib, taqvimdagi o‘zgarishlarni OAV hamda futbol muxlislari to‘g‘ri tushunishlarini istardik.

2019 yilgi mavsumda Osiyo Kubogi, Osiyo o‘yinlari, Jahon chempionati kabi musobaqalar taqvimga ta'sir o‘tkazmaydi.  PFL 2018 yilgi taqvimni tuzishda JCh-2018 uchrashuvlarini intizor kutayotgan o‘zbekistonlik futbol muxlislarining talab va istaklarini birinchi planga olib chiqqan hamda Superliga o‘yinlarini bu vaqtda parallel o‘tkazmaslik borasida qaror chiqargan. Yuqoridagi musobaqalar rejaga ta'sir o‘tkazmaydigan 2019 yilda esa O‘FA ham o‘rtoqlik uchrashuvlarini FIFA kunlariga belgilash yo‘lida ish olib boradi. Natijada PFL ham barcha jihatlarni oldindan inobatga olib, taqvim o‘zgarmasligi uchun intiladi.

Quyidagi taqvim o‘zgarishlarida Urugvay hamda Eronga qarshi o‘yinlar inobatga olindi. Shuningdek, O‘zbekiston Kubogining formati o‘zgarayotgani ham taqvimda o‘z ifodasini topdi (bu haqda biroz keyinroq to‘liq ma'lumot beriladi). Xalqaro maydonda O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan klublarning uchrashuvlari va Superliga markaziy o‘yinlarining iloji boricha yaxshiroq kun va soatlarga belgilanishi masalasi qayta ko‘rib chiqildi.