AQŞ Kongressi Vakillar palatasi yuridik qömitasidagi demokratlar 26-oktabr kuni 53 sahifali hisobot eʼlon qildi, unga köra beş nafar ayol prezident Donald Trampni zörlaş yoki jinsiy zöravonlikda ayblagan.
Miami Herald xabariga köra, hisobotda Trampga nisbatan kamida bitta yangi ayblov keltirilgan. Sobiq «Şveysariya gözali» Beatris Koylning taʼkidlaşiça, 1993-yilda Nyu-Yorkdagi gözallik tanlovi paytida Tramp uni Plaza mehmonxonasida zörlagan. Şundan söng ayolning tanasida qontalaş va kökarişlar qolgan.
Hisobotda jami 11 nafar ayol tilga olingan. Ularning beş nafari gazetalarga bergan intervyulari, sud daʼvolari yoki bevosita qömita vakillari bilan suhbatlarda Tramp tomonidan zörlaş yoxud jinsiy zöravonlik sodir etilganini maʼlum qilgan. Yana uç nafar ayol FQB xodimlariga Epşteyn iştirokida Tramp bilan bölgan uçraşuvlari haqida sözlab bergan. Qolgan uç nafari esa jamoatçilikka oçiq bayonot bermagan, hisobotda ularning körsatmalari örniga Epşteyn işi materiallaridan foydalanilgan. Ehtimoliy voqealarning aksariyati 1990-yillarda sodir bölgan.
Hisobot Kongressga bölib ötadigan oraliq saylovlarga atigi 9 kun qolganida eʼlon qilindi, deb taʼkidlaydi Miami Herald. Mualliflar prezidentga nisbatan jinoiy tergov ötkazişga va maxsus prokuror tayinlaşga çaqirmoqda.
Oq uydagilar hisobotni siyosiy maqsadlarda uyuştirilgan deb atadi. Tramp Epşteyn bilan boğliq jinoyatlarga har qanday aloqadorligini rad etmoqda va bu mojaroni «soxtalaştiriş» deb atamoqda.
Yanvar oyida Adliya vazirligi Trampga qöyilgan şunday ayblovlarni rad etgan edi: «Aniqlik kiritiş uçun aytamizki, bu ayblovlar asossiz va yolğondir. Agar ularda zarraça haqiqat bölganida edi, ulardan allaqaçon prezident Trampga qarşi foydalanişgan bölardi».

















