«Do‘stlik bog‘idagi ma'sus xushkalom,
Vafo shoxidadir Navoiy mudom», deya o‘z do‘sti va hammaslagiga mehru muhabbatini bildiradi so‘z va hikmat piri Abdurahmon Jomiy.
«Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘lung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish», deb jumlai jahonni do‘stlikka chorlaydi buyuk mutafakkir Alisher Navoiy.
«Maxtumquli, jon mehmondir, gavda – losh,
Yaxshiga do‘st ko‘p, yomonga yo‘q qardosh...», deb olam ahlini ogoh qiladi vijdon va imon jarchisi Maxtumquli-Firog‘iy.
«Do‘sti yo‘q bilan sirlash, do‘sti ko‘p bilan siylash...», deydi donishmand Abay.
«Agar bizning bobolarimiz Turkiston deb atalmish umumiy uyda yashagan bo‘lsalar, bitta tilda so‘ylashib, bitta tilda yozgan bo‘lsalar, xo‘sh, nima uchun biz yo‘q joydan muammo chiqarib, boshimizni og‘ritishimiz kerak ekan?!» deydi XX asarning eng yirik yozuvchilaridan biri Chingiz Aytmatov.
Bu bitiklarni o‘qirkanmiz, xalqlarimizning eng ulug‘ namoyandalari, daho farzandlari hamisha do‘stlik-birodarlikni ulug‘laganini, bu borada avlodlarga o‘rnak bo‘lganini va bizning ham et-tirnoq bo‘lib, ahil-totuv yashashimizni orzu qilganlarini ilg‘aymiz.
Ming afsuski, tarix g‘ildiragi hamisha ham bizning ra'yimizga qarab aylanmadi. Yov mafkurachilari bizni imkon qadar bo‘lishga, parchalashga, bir-birimizga begona qilishga intildilar. Va... muayyan darajada maqsadlariga erishdilar ham. Bunday yovuz niyatli kuchlar, shubhasiz, bugun ham yo‘q emas. Taassufki, ularning g‘arazli o‘yinlarini har doim ham sezavermaymiz, hatto ba'zan, bilib-bilmay nayranglari ta'siriga tushib qolamiz.
Bugun – har bir kunimiz turfa o‘zgarishlar, tashabbuslar bilan bezanib, chinakam NAVRO‘Z – YaNGI KUNga aylanayotgan chog‘da, qalblarimizni birdamlik nafasi qamrab olgan pallada dunyoga ochiq ko‘z, tiyrak idrok ila nigoh tashlashimiz shart.
Zero, jo‘shqin yangilanish kayfiyati bugun nafaqat yurtimizni, butun Markaziy Osiyo mamlakatlarini qamrab olgan, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Va, g‘urur bilan ta'kidlaymizki, bu jarayon aynan O‘zbekistonning ochiq, do‘stona siyosatidan, o‘zaro manfaatli, hayotbaxsh tashabbuslarni o‘rtaga tashlayotganidan kuch olyapti. Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev ta'biri bilan aytganda: «O‘zbekistondagi islohotlar Markaziy Osiyo mamlakatlariga ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda».

















