O‘zbekiston | 12:53 / 28.03.2018
6816
2 daqiqa o‘qiladi

Savdo va ko‘nglochar markazlari yong‘in xavfsizligi bo‘yicha ko‘rikdan o‘tkaziladi

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi barcha savdo va ko‘ngilochar maskanlari yong‘in xavfsizligi bo‘yicha ko‘rikdan o‘tkaziladi. ShIIBB media markazi boshlig‘i o‘rinbosari, kapitan Irina Sayfuddinova shu haqda KUN.UZ’ga ma'lum qildi.  

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahar hokimiyati huzurida maxsus ishchi komissiya tashkil etilgan bo‘lib, unga shahar IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi, FVV shahar boshqarmasi, “O‘zdavenergonazorat” shahar boshqarmasi xodimlari jalb etilgan. 

Mazkur ishchi guruh shahar hududida faoliyat yurituvchi barcha savdo markazlari,ko‘ngilochar majmualariga yuboriladigan maxsus hujjat tayyorlanmoqda, unda markaz va majmualar, ularga yondosh hududdagi savdo inshootlarida yong‘inga qarshi profilaktika ishlarini o‘tkazish, mavjud holatni ko‘rikdan o‘tkazish belgilanadi. 

Bu kabi bino va inshootlarda yong‘in xavfsizligiga mas'ul shaxslar asosiy e'tiborlarini yong‘indan ogohlantirish tizimining ishlashi, tutunni chiqarish, yong‘in vaqtida harakatlanish ko‘rsatkichlarining mavjudligi hamda ularning ishlashi, halokat vaqtida ishlashi kerak bo‘lgan yoritish chiroqlarining holatiga qaratishlari talab etiladi. Ko‘rik natijasida tavsiyalar ishlab chiqiladi va aniqlangan kamchiliklar bartaraf etiladi. 

ShIIBB rasmiysining bildirishicha, ko‘rik ishlari Toshkent shahar hokimining tegishli qarori chiqqanidan so‘ng boshlanadi. Irina Sayfuddinovaning ta'kidlashicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 23 maydagi qarori bilan haftaning chorshanba kunlari yong‘in xavfsizligi profilaktikasi kuni deb e'lon qilingan va bu borada ishlari olib borilmoqda. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid