11:22 / 28.03.2018
9299

Senatning XIV yalpi majlisidan bir kun avval: qo‘mitalar majlis o‘tkazmoqda

Foto: Senat Axborot xizmati

29 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshlaydi. Bu haqda Senat Axborot xizmati ma'lumotiga tayangan holda Kun.uz muxbiri xabar beradi. 

Bugun Senat yalpi majlisi oldidan kun tartibiga qo‘yilgan masalalar muhokamasiga oid qo‘mitalar majlislari bo‘lib o‘tmoqda. 

Dastlabki yig‘ilish Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etildi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2017 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti bo‘yicha fikr almashildi. 

Shuningdek, mazkur qo‘mita tomonidan yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan «O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida uch davlatning Davlat chegaralari tutashgan nuqtasi hududi to‘g‘risidagi shartnomani (Samarqand, 2017 yil 10 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida», «O‘zbekiston Respublikasi bilan Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘rtasida fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnomani (Toshkent, 2017 yil 5 dekabr) ratifikatsiya qilish haqida», «Umumjahon pochta ittifoqining Ustaviga to‘qqizinchi qo‘shimcha bayonnomani (Istambul, 2016 yil 6 oktabr) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida», «Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti Ustavini (Boku, 2015 yil 26 noyabr) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida», «Shanxay hamkorlik tashkilotining Ekstremizmga qarshi kurashish Konventsiyasini (Ostona, 2017 yil 9 iyun) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari yuzasidan qo‘mita xulosalarini tasdiqlash haqidagi masalalar ko‘rib chiqildi. 

Bundan tashqari, majlisda qo‘mita va uning a'zolari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, Senat, Senat kengashi va qo‘mita tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosi tahlil etildi. ​

Top