Har yili 30 mart kuni butun dunyoda Yer muhofazasi kuni  xalqaro bayrami nishonlanadi. Bu bayram atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida butun sayyoramizdagi insonlarni birlashtirishga yo‘naltirilgan. Shu kuni suvga doir ma'lumotlardan xabardorlikka yo‘naltirilgan UzWaterAware loyihasi doirasida Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM)ning O‘zbekistondagi filiali Yevropa Ittifoqining moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi ostida bolalar o‘rtasida "Yer va suv", "Mening O‘zbekistonim va suv resurslari"  mavzuidagi rasmlar va insholar tanloviga start beradi.

2018 yilning 30 martidan 1 iyuliga qadar bo‘lib o‘tadigan tanlovda O‘zbekistonda yashovchi 6 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar ishtirok etishi mumkin. Ishtirokchilarning ishlari yoshga doir uch toifaga ajratilgan:

1 toifa – 1-4 sinflar o‘quvchilari;

2 toifa – 5-7 sinflar o‘quvchilari;

3 toifa – 8-9 sinflar o‘quvchilari.

Tanlovning asosiy maqsadi – butun O‘zbekiston bo‘ylab maktab o‘quvchilari va ota-onalarning e'tiborini suv resurslari va umuman atrof-muhit muhofazasiga qaratish.

Yuqoridagi mavzudagi rasmlar yoki ijodiy insholar, shuningdek ishtirokchilar haqidagi qisqa ma'lumot (ota-onalar bilan bog‘lanish raqamlari bilan birga) [email protected] havolasi bo‘yicha qabul qilinadi. Xatning mavzu satriga "UzWaterAware loyihasining bolalar tanlovi" deb yozilsin.

Tanlov yakunlariga ko‘ra eng yaxshi ishlar (har bir toifada bittadan) e'lon qilinadi va ularning mualliflari qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlanadi. G‘oliblardan tashqari o‘ziga xos ishlari bilan ko‘zga tashlangan ishtirokchilarga turli nominatsiyalarda rag‘batlantiruvchi sovg‘alar taqdim etiladi.