15:56 / 31.03.2018
47044

Ishchi guruh: Qo‘sh to‘ylarni o‘tkazuvchi oilalar sharoiti ham inobatga olinishi kerak 

Gavhar Alimova/Foto: Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati

Senat «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi. Bu haqda Senatning XIV yalpi majlisida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, oilaviy tadbirlarni tartibga solish jamiyat uchun ham muhim ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligi bois, aholi tomonidan bildirilgan taklif va fikrlarni inobatga olib, mazkur masalani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatni mukammal ishlab chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi.

Senatning ushbu qaroriga ko‘ra, to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solishga oid jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tuzilib, uning tarkibi tasdiqlandi.

Ishchi guruhning asosiy vazifalari etib ushbu masalaning OAV, shu jumladan, internet nashrlarda faol muhokama qilinishini tashkil etish, mamlakatimizning har bir hududida oilaviy tadbirlarni o‘tkazish borasida shakllangan o‘ziga xos urf-odat va an'analarni aholi ishtirokida chuqur o‘rganib chiqishdan iborat, deb belgilandi. Shuningdek, ishchi guruhga muhokamalar yakuni bo‘yicha asoslangan takliflar ishlab chiqish va loyihani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etish topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari - Ishchi guruh rahbari o‘rinbosari Gavhar Alimovaning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, «to‘y-hashamlarni o‘tkazish bilan bog‘liq ayrim holatlar qonunda to‘liq o‘z ifodasini topishi zarur».

«Masalan, to‘yga tashrif buyuruvchi mehmonlar sonini cheklash masalasida ixtilof paydo bo‘lmasligi uchun Ishchi guruh keng jamoatchilik bilan katta ishlarni boshlaydi. Bunda qo‘sh to‘y qiluvchi oilalar sharoiti ham inobatga olinishi kerak», deydi u.

Top